
15.05.2024
Beshariq tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga "Eshon" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro R.Sh. o‘tgan yilning noyabr oyi oxirlarida 4 400 000 so‘mga xarid qilingan kir yuvish mashinasida nosozliklar yuzaga kelganligi va sotuvchiga bu borada qilingan murojaat ijobiy natija bermayotganligi xususida ma'lum qilib, muammoni ijobiy hal etilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Iste'molchiga ko‘ra, u "Texnomart" savdo do‘konidan "Beko" rusumidagi kir yuvish mashinasini 2023-yilning 29-noyabrida to‘lovini naqd shaklda amalga oshirib, xarid qilgan. Joriy yilning mart oyiga kelib, maishiy texnikada nosozliklar kuzatilgan. Bu bo'yicha savdo do‘koniga qilingan murojaatlar esa qanoatlantirilmagan.
Murojaatni o‘rganish davomida savdo do‘koni, shuningdek, ushbu rusumdagi maishiy texnikalarga servis xizmatlarini ko‘rsatuvchi Qo‘qon shahrida joylashgan servis markazi mas'ullariga iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Natijada, nuqson aniqlangan kir yuvish mashinasi mas'ullar hisobidan servis markazida kafolatli ta'mirlash ishlarining o‘tkazilishi va iste'molchi xonadoniga soz holatda yetkazib berilishi ta'minlandi.