
30.11.2021
Bundan 4-5 yil avval yurtdoshlarimiz uchun xorijiy valyutalarni erkin sotib olish ushalmas orzu edi. Respublikamizda amalda 2 ta davlat va qora bozor valyuta kurslari muomalada boʼlgan. Ular oʼrtasidagi farq katta boʼlib, oddiy fuqarolarga davlat kursida valyuta sotib olish shunchaki ertak edi.
Mijozlar banklardan koʼra qora bozordan dollar ayirboshlashni maʼqul koʼrishardi, negaki, banklarda (5 yil avval) taxminan 2821,43 soʼmni, «qora bozor» da esa, 5300 soʼmdan 6100 soʼmgacha xarid qilish va sotish imkoni mavjud edi. Shu sababli, fuqarolar bankdan koʼra qora bozorni maʼqul koʼrishar edi.
Vaholanki, bankdan valyuta sotib olishga kelganda esa, istashsa ham olisholmasdi...
Qora bozordagi koʼngilsizliklarni esa asta qoʼyavering. Buni bila turib ham, harna 2 barobar ortiqchasi bilan alishtiryapmizku deb qora bozor bilan boʼlgan munosabatni uzishni istamas edik. Bu ham yashirin holda amalga oshirilishi bor gap. Negaki, valyuta ayirboshlab turgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari kelib qolsa, ham valyutadan ham soʼmdan ajralib qolishingiz hech gap emasdi...
Odilona siyosat orqali yurtboshimiz tomonidan, Valyuta bozorining erkinlashtirilishi, naqd pul bilan bogʼliq muammolar bartaraf etilishi bilan bogʼliq qaror imzolandi, bu esa oʼz navbatida “qora bozor” ga biroz boʼlsada chek qoʼyilishiga sabab boʼldi. Qora bozordagi pul aylanmalari hajmi birdaniga emas, balki asta-sekinlik bilan kamayib bormoqda, katta ehtimol bilan esa, ancha vaqt amalda boʼlib turadi. Negaki, valyuta ayirboshlovchi mijoz bankomatdagi koʼngilsizliklar sabab qora bozorga murojaat qilishga majbur boʼlmoqda. Balki, qora bozor mavjud boʼlishidan manfaatdor yana bir tomon vakillari mavjuddirki, bu holatni tezkorlik bilan toʼxtatib boʼmayapti. Eng qizigʼi, soʼrab-surishtirilganida koʼpincha valyutafurushlar vaqtincha ishsiz boʼlib chiqishmoqda. Ularning aksariyati oʼrta maxsus maʼlumoti boʼla turib, biror-bir ishning qoʼlini tutmagan fuqarolar ekani esa...
DOLLАR АLMАShTIRIShDА YuZ BERАYoTGАN АSOSIY MUАMMOLАR
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda dollar ayirboshlash bilan bogʼliq holatlar turli muhokamalarga sabab boʼlmoqda.
Hech kimga sir emaski, qaysi soha vakili yoki tadbirkor boʼlmasin, har bir fuqaro (isteʼmolchi) chet el valyutalari bilan albatta muomalaga kirishadi. Bu yaxshi albatta, lekin dam olish kunlarida ayirboshlash shahobchalarining ishlamasligi esa, dilni xira qiladi.
Yana bir muammo shuki, “Yagona Umumrespublika protsessing Markazi”ning 2021 yil 20 sentyardagi 919-sonli xatiga asosan, barcha “UZCARD” qatnashchilari uchun 100 va 50 АQSh dollar nominalli pullarni aylanmasini vaqtinchalik toʼxtatligini maʼlum qilgan.
Bunga sabab qilib, “UZCARD” bankomatlar tizimida 50 va 100 АQSh dollarlik nominallik pullarda, qalbaki pullar aylanmasi ham qayd etilgani koʼrsatilgan
Shu oʼrinda savol tugʼilishi tabiiy, qiziq, valyuta ayirboshlash bankomatlarini nahotki qalbaki yoki qalbaki emasligini tekshiradigan qilishning imkoni boʼlmasa, isteʼmolchilarni qiynashni kimga keragi bor?
MUАMMO BIR EMАS...
Har bir muammo oʼzidan-oʼzi paydo boʼlib qolmaydi. Yuqoridagi fikrlarimizda biz bir yoqlama muammo haqida gapirdik, lekin, tanganing ikkinchi tomoni boʼlgani masalaning ham ikkinchi tarafi mavjud.
Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarin himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining “1091” ishonch telefoni orqali ham mazkur holat boʼyicha kelib tushayotgan murojaatlar bu mavzuga qoʼl urishga undadi.
Kelib tushayotgan murojaatlar asosan ikki xil koʼrinishda,
Biri, bankomatlarning 50 va 100 $ koʼrinishidagi valyuta qabul qilmasligi boʼlsa, yana biri bank kassalari va bankomatlar oʼrtasidagi valyuta ayirboshlash bilan bogʼliq tafovutdir.
Bankomatlar orqali ayirboshlash ishlari olib borilganida esa qiymatidan 10-15 ming soʼm kam mablagʼ beriladi.
Sababi soʼralganda esa, yaxlitlikni ushlab turish uchun deb qoʼyaqolishadi.
Xoʼp yaxlitlikni taʼminlamoqchi ekansan, ey barakatopkur, fuqaroning 200-500 soʼmini, bor ana 1000 soʼmini ushlab qol, qolganini yaxlit xolda beraver...
Bularning hammasi goʼyoki gʼalati aksiomaga oʼxshaydi
BАNKOMАTMI YoKI BONKАMАT?
Bilamizki, banklar ham xizmat koʻrsatuvchi sohalardan biri hisoblanadi. Biroq, bugungi globallashuv jarayonida mazkur xizmatning doimiy tarzda ishlamasligi biroz boʻlsada isteʼmolchilarning eʼtiroziga sabab boʻladi.
Xoh u biznesmen boʻlsin, yoki davlat ishida ishlovchi xodim boʻlsin, bank xizmatlaridan haftaning 5 kunida foydalana oladi xolos, u doimiy tarzda ishdan chiqib, bankka bora olmaydi. Vaholanki, ular uchun dam olish kuni qulay. Afsuski, bizda doim bankomatlar talab darajasida ishlamagan. Yo bankomat ishlamay qoladi, yoki etarlicha mablagʻ bilan taʼminlanmagan boʻladi. Boringki, valyutani yutib yuborish kabi holatlar ham uchrab turadi.
Masalan, istalgan mamlakatga borganingizda turli koʻrinishdagi kupyuralarga roʻpara boʻlasiz, ayirboshlash uchun esa tun-u kun bonkomatlar ishlab turadi. Yoki dam olish kunlarida valyuta ayirboshlash shahobchalari ham ishlab turishi bor gap.
Deylik, dori olish maqsadida koʻchaga chiqqan fuqaro noilojlikdan valyuta ayirboshlash uchun bankomatga boradi, lekin, bankomat pulni yutib yubordi...
Ishonch telefonlariga murojaat qilganda esa 3 ish kunida sizning pullaringiz qaytarilishi haqida taʼkidlashi bor gap.
Bemor 3 kun kuta oladimi, albatta yoʻq, unga pul kerak...
Oʻylab qolasan kishi, bu oʻzi pul ayirboshlaydigan bakomatmi yoki yutib yuboradigan bonkamat...
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish
jamiyatlari federatsiyasi Matbuot xizmati