
22.05.2024
Shahrisabz shahrida yashovchi fuqaro S.N. maishiy texnikalar savdo doʻkonidan ogʻzaki kelishuvga koʻra, 4 million 800 ming soʻmga noutbuk sotib oladi. Biroq ushbu mahsulot sotuvchi aytganidek sifatli boʻlib chiqmaydi. Kafolat muddati davomida tuzatish qiyin boʻlgan nosozliklar kuzatiladi. Sotuvchi esa iste'molchining nuqsonli mahsulotni qaytarib olish haqidagi talablarini bajarmaydi.
Fuqaroning bu haqdagi murojaati Shahrisabz shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan oʻrganildi. Oʻrganish jarayonida amaldagi iste'molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik talablariga muvofiq, nuqsonli noutbuk savdo doʻkoniga qaytarilib, toʻlangan pul evaziga iste'molchining xohishiga koʻra, unga gaz plitasi olib berilishi ta'minlandi.
Ma'lumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 13-moddasiga asosan nuqsonli tovar sotilganda iste'molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib oʻtilmagan boʻlsa, oʻz xohishiga qarab tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) tovarga almashtirib olishi mumkin.