
24.05.2024
Quva tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tumanning "Turk ravot" mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi O.A.ning o‘zlariga qarashli bo‘lgan, lekin muayyan vaqtlardan buyon hech kim istiqomat qilmaydigan xonadonning elektr energiyasi to‘lovlari bo‘yicha 3 000 000 so‘m qarzdorlik chiqarilganligi va ushbu holatga oydinlik kiritib berilishini so‘rab yozgan murojaati o‘rganildi.
Iste'molchi murojaatida katta miqdorda qarzdorlik mavjudligi da'vo qilingan xonadonda uzoq vaqtlardan buyon hech kim yashamasligini bildirib o‘tgan va ushbu holat murojaatni joyiga borib o‘rganilishi davomida ham tasdig‘ini topdi. Ma'lum bo‘lishicha, 1970-yillarda qurilgan ushbu xonadonda foydalanib kelingan elektr hisoblagich eski rusumda bo‘lgan va 2024-yilning yanvar oyida hisoblagich elektr ta'minoti korxonasi tomonidan zamonaviy rusumdagisiga almashtirilgan va bazaga kiritishdagi texnik xatolar tufayli asossiz qarzdorlik kelib chiqqan.
Olib borilgan o‘rganish ishlari davomida ushbu holatlar yuzasidan to‘plangan hujjatlar tuman elektr ta'minoti korxonasiga kiritilganidan so‘ng, korxonadan istemolchi xonadoniga hisoblangan qarzdorlik qayta hisob-kitob qilinib, ushbu summa iste'molchi hisob kartasidan chiqarib yuborilganligi to‘g‘risida javob xati olindi.