Telegram-bot Virtual qabulxona

06.12.2021

Xalqaro iste’molchilar tashkiloti (Consumers International) prezidenti, janob Marimutu Nadasonning Turizm sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha “SAYYOH-2021” xalqaro forumi ishtirokchilariga  MUROJAATI

Hurmatli “SAYYOH-2021” xalqaro forumi ishtirokchilari!
Xonimlar va janoblar!
Men Turizm sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha “SAYYOH-2021” xalqaro forumi ochilish marosimida sizlarni qutlash imkoniyatiga ega ekanimdan mamnunman. Forum ishiga va oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishiga muvaffaqiyat tilayman.
Taassufki, men mamlakatimda COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq mavjud cheklovlar sabab ushbu forumda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga bora olmadim, lekin bu hol Zoom orqali forum majlislarida sizlar bilan uchrashuvimga monelik qilmaydi. 
Ushbu forum O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Consumers International va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda O‘zbekistonday go‘zal mamlakatda o‘tkazayotgan ikkinchi anjumandir. Ayni hol milliy nodavlat iste’molchilar tashkiloti nafaqat iste’molchilar huquqlarini himoya qilayotganining, qolaversa, bugungi globallashuv davrida butun dunyoda iste’molchilar tashkilotlari duch kelayotgan dolzarb muammolarni hal etish bo‘yicha fikr va tajriba almashish uchun platforma yarata olayotganining ham muhim ko‘rsatkichidir. Ishonchim komilki, bunday muammolarni hech bir tashkilot yakka o‘zi hal eta olmaydi, ularni yechish milliy, mintaqaviy va xalqaro darajadagi iste’molchilar tashkilotlarining sa’y-harakatlarini birlashtirishni talab etadi. 
2021 yil yanvarida men O‘zbekistonga safar qilish hamda Birinchi Yevropa va Osiyo mamlakatlari iste’molchilar forumida ishtirok etish, 2016 yilda O‘zbekistonda hokimiyat almashgandan so‘ng uning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylarining sa’y-harakatlari bilan mamlakat hayotining  barcha sohalarida ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rish sharafiga muyassar bo‘lgan edim. Bu fuqarolik jamiyati rivojlanishi va davlat idoralari ustidan jamoat nazoratini kuchaytirishga ham tegishlidir.
Agar O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi faoliyati va tashabbuslariga aynan shu nuqtai nazardan qaralsa, nega uning jamoasi shu kunlarda turizm sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazayotgani oydinlashadi. 
Birinchidan, federatsiyaning ushbu tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi hukumatining turizmni rivojlantirish bo‘yicha strategiyasiga uyg‘undir. Ekspertlarga ko‘ra, ushbu mamlakatda turizm sohasi ulkan potensialga ega.
Ikkinchidan, ayni damda dunyo pandemiyadan so‘nggi davr bo‘sag‘asida turibdi va bu davrda turizm sohasida jadal rivojlanish bo‘lishi kutilmoqda. “SAYYOH-2021” xalqaro forumi tez orada turistlar oqimi ortib ketishiga o‘ziga xos tayyorgarlik vazifasini o‘tashi shubhasiz. Ushbu jarayonda iste’molchilar tashkilotlari nafaqat o‘z iste’molchilari, balki boshqa mamlakatlardan kelajak sayyoh iste’molchilar huquqlarini ularning iste’molchilar tashkilotlari bilan hamkorlikda himoya qilishi ham kerak bo‘ladi. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bu borada boshqa mamlakatlardagi iste’molchilar tashkilotlari bilan hamkorlikning yaxshi tajribasiga egaligidan xabarim bor.
 “SAYYOH-2021” xalqaro forumi ekspertlari va ishtirokchilari ko‘rib chiqishi uchun havola etilgan mavzular muhokamasi qizg‘in bo‘ladi va uning yakuni bo‘yicha deklaratsiya qabul qilinadi, o‘sha deklaratsiya nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasidagi, qolaversa, butun dunyodagi iste’molchilar tashkilotlarining faoliyatini takomillashtirishda muhim tavsiya bo‘lib xizmat qiladi, degan umiddaman. 
Shu ma’noda Xalqaro iste’molchilar tashkiloti “SAYYOH-2021” xalqaro forumining iste’molchilarning trans-chegaraviy murojaatlarini ko‘rib chiqish, iste’molchilar huquqlarini elektron tijorat va turizm sohalarida himoya qilish kabi masalalar kiritilgan kun tartibini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.
Men jiddiy epidemiologik vaziyatga qaramay, ushbu forumni tashkil etgan federatsiya jamoasiga va shaxsan uning raisi, janob Jahongir Sarimsoqovga tashakkurlarimni bildiraman va yana bir forum ishiga muvaffaqiyat tilayman.
E’tiboringiz uchun tashakkur.

Doktor Marimutu Nadason, 
Xalqaro iste’molchilar tashkiloti  prezidenti


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00