
29.05.2024
Koson tumanida yashovchi fuqaro K.J.ning xonadoni tabiiy gaz tarmogʻiga ulangan boʻlsa-da, gaz bosimi juda pastligi sababli xonadongacha yetib bormagan. Tabiiyki, iste'molchi undan oʻz zarurati uchun yetarlicha foydalana olmagan. Xonadonga oʻrnatilgan hisoblagich tabiiy gaz iste'mol qilinmaganligini koʻrsatsa ham, gaz idorasi tomonidan iste'molchiga toʻlovlar hisoblab borilgan. Oqibatda iste'molchining zimmasida katta miqdorda qarzdorlik yuzaga kelgan.
Mazkur murojaat Koson tumani iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan oʻrganildi. Oʻrganish jarayonida iste'molchining xonadoniga tabiiy gaz yetkazib berilmagan boʻlsa-da, unga nisbatan 2 million 396 ming soʻm qarzdorlik hisoblanganligi aniqlandi.
Holat yuzasidan amaldagi qoidalarga zid tarzda hisoblangan asossiz qarzdorlikni bekor qilish toʻgʻrisida fuqarolik ishlari boʻyicha Koson tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritildi. Sud tomonidan mazkur qarzdorlik gʻayriqonuniy deb topildi va bekor qilindi. Shuningdek, sud ishiga oid barcha xarajatlar “Hududgaz Qashqadaryo” gaz ta'minoti filialidan undiriladigan boʻldi.