
04.06.2024
Samarqand viloyati Toyloq tumani "Olmazor" MFY da yashovchi fuqaro K.O. 2024-yilning fevral oyida Samarqand shahar jamiyatiga murojaat qilgan.
Keltirilishicha, fuqaro 2021-yil 12-noyabrda "SAM ROS STORY LUX" MChJ bilan tuzgan ikkita shartnomasiga asosan, 2 ta xonadon uchun toʼlovlarini amalga oshirgan. Ammo MChJ tomonidan shartnomada koʼrsatilganidek, 2022-yil 4-chorak oxirigacha majburiyatlar oʼz vaqtida bajarilmaganidan va bugungi kunga qadar uy-joyni ham, toʼlangan pulni ham undira olmay sarson boʼlayotganini bildirib, jamiyatdan amaliy yordam so'ragan.
Holat yuzasidan murojaatchining manfaatida Fuqarolik ishlari boʼyicha Ishtixon tuman sudiga daʼvo arizasi kiritilib, sudning 2024-yil 8-maydagi yakuniy qarori bilan, fuqaro foydasiga 1 204 387 584 soʼm moddiy zarar va 20 000 000 soʼm miqdorida maʼnaviy zarar undirilshi boʼyicha hukm chiqarildi.
Malumot uchun, "Davlat boji to’gʼrisida"gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonuninig ilovasiga muvofiq, davlat boji stavkalarining miqdorlari tasdiqlangan. Unga asosan, mulkiy xususiyatga ega boʼlgan daʼvo arizalaridan daʼvo bahosining 4 % miqdorida, biroq BHM 1 baravaridan kam boʼlmagan miqdordagi toʼlov belgilangan.
Yuqorida taʼkidlangan sud majlisida fuqaroning federatsiyaga aʼzo ekanligi inobatga olinib, shuningdek, "Istemolchilar huquqlarini himoya qilish toʼgʼrisida"gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonunining 29-moddasiga asosan, murojaatchi mazkur daʼvo arizadagi jami summa (1 224 387 584 soʼm) ning 4 % miqdori (48 975 503 soʼm) da davlat boji toʼlashdan ozod etildi.