
13.06.2024
Quvasoy shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan "Qo‘chqorchi" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Q.R.ning Farg‘ona shahridagi do‘konlarning biridan 3 900 000 so‘mga xarid qilingan kondisioner nuqsonli chiqqanligi sababli, uni sotuvchiga qaytarib, pulini qaytarib olishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste'molchiga ko‘ra, u "Artel" rusumli konditsionerni narxini bo‘lib to‘lash shartlarida, tovar qiymatining 30 foizini, ya'ni 1 170 000 so‘mini oldindan to‘lash yo‘li bilan, joriy yilning 5-iyun kunida xarid qilib, xonadonda 3 kun davomida foydalanilishi jarayonidayoq nuqson aniqlangan. Sotuvchiga tovarni qaytarish masalasida murojaat qilib, ijobiy natijaga erisha olmagan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste'molchi o‘ziga nuqsonli tovar sotilganda kafolat yoki yaroqlilik muddati mobaynida, kafolat yoki yaroqlilik muddati belgilanmagan tovarlar bo‘yicha esa olti oy mobaynida, tovarning sotuvchiga qaytarilishi talabini qo‘yishi mumkin bo‘lib, sotuvchi bunday holatlarda qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda tegishli chora-tadbirlarni ko‘rishi lozim bo‘ladi. Shundan kelib chiqqan holda, shahar jamiyati mutaxassislarining sotuvchiga qonunning tegishli normalari bo‘yicha olib borgan tushuntirishlari bu safar ham besamar ketmadi. Nuqsoni mavjudligi da'vo qilingan konditsioner sotuvchiga, oldi-sotdi jarayonida amalga oshirilgan dastlabki to‘lov summasi esa iste'molchiga qaytarilishiga erishildi.