Telegram-bot Virtual qabulxona

14.06.2024

Nuqsonli “Сobalt” yangisiga almashtirildi 

Gʻuzor tumani "Yangiobod" mahallasida yashovchi fuqaro A.K. Qarshi shahrida joylashgan “Drevers-Village Qashqadaryo” MChJga qarashli avtosalondan “Сobalt” rusumli avtomashina sotib olish uchun shartnoma tuzadi va 147 million 916 ming soʻm toʻlovni amalga oshiradi. Biroq avtomashinani qabul qilib olish jarayonida uning kuzov qismida nuqsonlar mavjudligi va qoʻlbola usulda qayta ta'mirlanganligi aniqlanadi. Iste'molchi avtomashinani qabul qilib olmasdan avtosalonda qoldiradi va unga boshqa shu rusumdagi nuqsonsiz transport vositasi yetkazib berilishini talab qiladi. Ammo iste'molchining talablari oradan bir oydan ortiq vaqt oʻtsa hamki bajarilmaydi.

Fuqaroning shu haqda Oʻzbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasining ishonch telefoni orqali qilgan murojaati oʻrganildi. Oʻrganish jarayonida iste'molchi va sotuvchi oʻrtasida oʻzaro kelishmovchilikka sabab boʻlgan holatga oydinlik kiritildi va avtotransport vositalari savdosini amalga oshirishga oid talablar yuzasidan tushuntirishlar olib borildi. Murojaatni oʻrganish natijasida, iste'molchiga shu rusum va modeldagi  qiymati 147 million 916 ming soʻmlik yangi “Сobalt” avtomashinasi olib berilishi ta'minlandi.

Ma'lumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan “Chakana savdo qoidalari” talablariga koʻra, avtomototransport vositalari almashtirilmaydigan tovarlar guruhiga kiritilgan. Biroq kafolat muddati mobaynida avtomobillarni almashtirish, kuzov yoki kamida ikkita agregatni almashtirish zarur boʻlgan taqdirda, ekspert komissiyasi qaroriga koʻra amalga oshiriladi. Nuqsonlari boʻlgan avtotransport vositasini sotuvchi, ishlab chiqaruvchi tomonidan almashtirish 7 kun muddatda, sifatni qoʻshimcha ravishda tekshirish zarur boʻlganda esa 20 kun ichida amalga oshiriladi. Shunga oʻxshash avtotransport vositasi mavjud boʻlmaganda, koʻpi bilan bir oy ichida iste'molchining talabi qondirilishi kerak.


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00