
24.06.2024
Shahrisabz tumanida yashovchi fuqaro S.Sh. tumanda joylashgan maishiy texnikalar savdo doʻkonidan 6 million 350 ming soʻmga uch funksiyali printer sotib oladi. Ammo printerda nosozliklar kuzatiladi va belgilangan funksiyalardan birini bajara olmaydi. Iste'molchi nuqsonli mahsulotni sotuvchiga qaytarib, amalga oshirilgan toʻlovni qaytarib berishlarini talab qiladi. Sotuvchi esa tovardagi nuqsonlarni tan olmasdan, iste'molchining talabini rad etadi.
Fuqaroning shu haqda tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qilgan murojaati oʻrganildi. Oʻrganish jarayonida sotuvchiga amaldagi qonunchilikka muvofiq printer koʻp funksiyali tovar hisoblanishi va ushbu funksiyalarning birini bajara olmasligi tovarning jiddiy nuqsoni sifatida baholanishi toʻgʻrisida tushuntirildi va nuqsonli mahsulot sotuvchiga qaytarilib, uni sotib olish uchun amalga oshirilgan toʻlov toʻliq iste'molchi foydasiga undirib berilishi ta'minlandi.
Ma'lumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 1-moddasi talablariga koʻra, tovarning jiddiy nuqsoni- tovardan belgilangan maqsadda foydalanib boʻlmaydigan qilib qoʻyadigan yoxud bartaraf etish uchun koʻp mehnat va vaqt sarflash talab qiladigan kamchilik hisoblanadi. Printer esa koʻp funksiyali tovar hisoblanadi. Ushbu vazifalarning birini bajara olmasligi, uning jiddiy nuqsonli tovar deb baholanishiga sabab boʻladi.