
05.07.2024
Oʻzbekiston Respublikasi
Energetika vaziri
J.Mirzamahmudovga
Hurmatli Jo‘rabek Tursunpo‘latovich,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-martdagi
“2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini
tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-6181-sonli Farmoni va ushbu hujjat asosida tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da jamoatchilik nazorati, davlat boshqaruvi va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki darajasini oshirish masalasi ustuvor vazifa etib belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil
16-apreldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 204-son qaroriga muvofiq yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining shakllanishini bosqichma-bosqich bozor tamoyillariga o‘tkazish amalga oshirilmoqda.
Sungi kunlarda ijtimoiy tarmoq va boshka manbaalarda elektr energiyasi uchun “bir oylik bazaviy mikdor” ko‘rsatkichlarini oshirish bo‘yicha tarqalayotgan xabarlarni tahlil qilish, shuningdek Federatsiyada huzurida tuzilgan ishchi guruhning o‘rganish natijalariga ko`ra 2021-yilda 100 ta davlat ichida Islandiya (52 688 kVt/soat), Norvegiya (23 027 kVt/soat), Bahrayn (21 365 kVt/soat) kabi davlatlar yillik bir kishiga to‘g‘ri keladigan elektr energiyasi isteʼmoli bo‘yicha eng yuqori uchtalikka kirgan bo‘lsa, Myanma (204 kVt/soat), Nigeriya (119 kVt/soat), Kongo
(83 kVt/soat) kabi davlatlar eng past ko‘rsatkichlar bilan 98-100-o‘rinlarni qayd qilganlar.
O‘zbekistonga qo‘shni bo‘lgan davlatlar Qozog‘istonda ushbu ko‘rsatkich yillik 4 932 kVt/soatni, Turkmanistonda 2 524 kVt/soatni, Qirg‘iziston Respublikasida 1 840 kVt/soatni, Tojikistonda
1 753 kVt/soatni tashkil etgan. O‘zbekistonda esa Markaziy Osiyodagi eng past ko‘rsatkich – bir kishiga yillik 1 599 kVt/soat (74-o‘rin) qayd qilingan.
Bundan ko‘rinadiki, 2021-yilda yurtimizda bir nafar shaxsga o‘rtacha yillik isteʼmol 1 599 kVt/soat, oyiga esa 133,25 kVt/soatni tashkil qilgan. Agar ushbu ko‘rsatkichni 4 nafar aʼzosi bo‘lgan bitta uy xo‘jaligi uchun hisoblab ko‘rsak, oylik isteʼmol 4133,25 kVt/soat = 533 kVt/soatga to‘g‘ri kelgani ayon bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining aholining turmush darajasi bo‘yicha rasmiy maʼlumotlariga ko‘ra, 2023-yilda respublikadagi uy xo‘jaliklarining 61,4 foizida oila aʼzolari soni 5 nafar va undan ko‘p kishini, respublika bo‘yicha uy xo‘jaliklari aʼzolari sonining o‘rtacha umumiy ko‘rsatkichi esa 5,1 nafarni tashkil qilgan.
Bugungi kunda bir nafar shaxs uchun zaruriy elektr energiyasi isteʼmoli oyiga 75 kVt dan 110 kVtgachani tashkil qilayotgani hech kimga sir emas va bu haqidagi maʼlumotlar turli manbalarda ham ko‘plab keltirilgan.
Yuqoridagi ko‘rsatkichlarning eng past ko‘rsatkichi (yaʼni bir kishiga
75 kVt)dan kelib chiqib, Mamlakatimiz aholisi uchun hisob-kitoblarga ana shu isteʼmol ko‘rsatkichini yuqoridagi normadan eng quyisi, yaʼni bir kishiga 75 kVt sarflanadi, har bir uy xo‘jaligida o‘rtacha 4 nafardan odam istiqomat qiladi deb olinsa, qish mavsumi, shuningdek, yoz mavsumidagi anomal issiq holatlarini hisobga olmagan holda, bir kishiga bir oylik o‘rtacha 475 kVt/soatni tashkil qiladi.
Isitish mavsumida aholi (maishiy isteʼmolchilar)ni tabiiy gaz bilan taʼminlashdagi qiyinchiliklar, buning ortidan xonadonlarni isitishda qo‘shimcha elektr energiyasidan ham foydalanishga majbur bo‘layotgani, “bir oylik bazaviy miqdor”ning kamligi to‘g‘risida aholidan Federatsiyaga ko‘plab murojaatlar bo‘lmoqda, noroziliklar bildirilmoqda.
Yuqoridagilarni va ayni damdagi jazirama mavsumda aholi xonadonlarini sovutish uchun ham elektr energiyasidan foydalanishga majbur bo‘layotganligini e'tiborga olgan holda, O‘zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi elektr energiyasi isteʼmoli uchun “bir oylik bazaviy meʼyor” ko‘rsatkichini 200 kVt/soat emas, balki 400 kVt/soat etib belgilash, shuningdek qish mavsumidagi elektr energiyasi isteʼmoli uchun ham (tabiiy gaz isteʼmoli uchun qarorda keltirilgani kabi) “isitish mavsumi” taʼrifini kiritilish, mazkur tarif doirasida isteʼmolchilarning III guruhi (aholi, 1.2.2-band) isteʼmolchilariga “bir oylik bazaviy meʼyor” ko‘rsatkichinini kamida 500 kVt/soat etib belgilash taklifini hukumat tomonidan ko`rib chiqilishida amaliy yordam berishingizni so‘raymiz.
Federatsiya raisi J.Sarimsoqov