
12.07.2024
Angor tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Jarqo‘rg‘on tumani “Obihayot” MFYda yashovchi fuqarodan murojaat kelib tushgan.
Murojaatda keltirilishicha, fuqaro shu yilning 5-iyulida Angor tumani tijorat bozoridagi 17/5-sonli maishiy texnika do‘konidan narxi 1 500 000 so‘m bo‘lgan go‘sht qiymalagich xarid qiladi. Qiymalagichni uyga olib borib 3 kun davomida sinab ko‘radi va undan foydalanish jarayonida bir qancha nuqsonlar kelib chiqadi. Ushbu holat haqida do‘kon sotuvchisiga xabar beradi ammo sotuvchi texnikadan noto‘g‘ri foydalanilganligini ro‘kach qilib, almashtirib berishdan bosh tortadi.
Mazkur murojaat tuman mutaxasislari tomonidan o‘rganilib, amaldagi qonunchilik talablari haqida tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada, isteʼmolchi xarid qilgan go‘sht qiymalagich sifatlisiga almashtirib berildi.