
15.07.2024
Xatirchi tumani "Changir" MFY "Xidirota" qishlog‘ida yashovchi fuqaro O.T. tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Unda keltirilishicha, fuqaro joriy yilning mart oyida tuman markazidagi YaTT Azimov Farxodga tegishli ustaxonaga 33 000 000 so‘mga ko‘chma do‘kon yasatish bo‘yicha buyurtma berib, oldindan 13 000 000 so‘m to'lovni amalga oshirgan va qolgan 20 000 000 so‘mni buyurtma bitganidan keyin berishga kelishgan. Biroq buyurtma tayyorlanib yetkazib berilgach, uning o‘ta sifatsiz yasalgani va tadbirkorga ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan murojaat qilganida o‘zaro nizoga borganini ma'lum qilgan.
Murojaat o‘rganilganda fuqaroning shikoyati o‘rinli ekanligi, buyurtma qilingan ko‘chma do‘kon haqiqatda sifatsiz tayyorlanganligi aniqlandi. YaTT Azimov Farxodga iste'molchi huquqi bo‘yicha qonunchilik asoslari tushuntirilsa-da, u tushunishni xohlamay fuqaroga ham, jamiyat mas'ullariga ham qo‘pol muomilada bo‘lib o‘z majburiyatlaridan bo‘yin tovladi. Shundan so‘ng, fuqaro O.T. manfaatlarini ko‘zlab, Fuqarolik ishlari bo'yicha Xatirchi tuman sudiga da'vo arizasi kiritildi. Sud qaroriga ko'ra, 2024-yil 10-iyul kuni YaTT Azimov Farxod va fuqaro o‘rtasida tuzilgan 33 000 000 so‘mlik shartnoma bekor qilindi va iste'molchiga 13 million so'm moddiy zarar qaytarib berildi.