16.07.2024
Bag‘dod tumani iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan Rishton tumani "Uchariq" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi M.S.ning xarid qilgan sun'iy suv havzasi (basseyn) nuqsonli chiqqanligi va uni almashtirish yoki pulini qaytarilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste'molchi murojaatida Bag‘dod tumani bozori hududidagi savdo do‘konidan 1 200 000 so‘mga bolalar uchun sun'iy cho‘milish havzasi (basseyn) xarid qilgani, lekin xonadonga keltirib, unga suv to‘ldirilishi jarayonida tagidan suv sizib chiqavergani, sinchiklab ko‘rilganda unda nuqson mavjudligini aniqlashgani, sotuvchi esa uning e'tirozlariga quloq tutmayotganini ma'lum qiladi
Tuman jamiyati mutaxassislari ushbu murojaatni o‘rganishlari davomida iste'molchining e'tirozlari o‘rinli ekanligi ma'lum bo‘ldi. Sotuvchiga yuzaga kelgan holat va amaldagi qonunchilik talablari tushuntirilganida esa u iste'molchiga nuqsonli tovarning pulini qaytarib, muammoni tezkorlikda bartaraf etdi.