
17.07.2024
Shubhasiz yurtimizdagi demografik ko`rsatkich yildan yilga o`zgarib borayotganligiga mos ravishda avtomobillarga bo`lgan talab ham ortib bormoqda. Bu esa o`z navbatida avtotransport vositalarini ta`mirlash, ularga xizmat ko`rsatishga bo`lgan talabning ortishiga sabab bo`ladi. Birgina 2023-yil yanvar-noyabr oylari yakuniga koʻra, avtotransport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish, taʼmirlash va mototsikllarni taʼmirlash boʻyicha xizmatlar hajmi 4 640 mlrd. soʻmni tashkil etgan.
Albatta xizmat ko`rsatish sohalarining kengayib borishi yaxshi. Lekin bu kabi sohada xizmat ko`rsatayotgan barcha shahobchalarda ham xizmatlar a`lo darajada deb bo`lmaydi.
Gap shundaki, Samarqand viloyat Kattaqo`rg`on shahar Bog`iorom ko`chasi 10-uyda yashovchi fuqaro A.R Kattaqo`rg`on shahar Samarqand ko`chasida faoliyat olib borayotgan ustaxona xizmatidan norozi bo`lib, O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga bog`langan.
Murojaatda bayon etilishicha, fuqaro A.R Kattaqo`rg`on shahar Samarqand ko`chasida faoliyat olib borayotgan ustaxonaga shaxsiy avtomobilining motor qismidagi nuqsonni ta`mirlash yuzasidan murojaat qiladi va xizmat uchun oldindan kelishilgan pulni to`laydi. Ammo bir necha kundan keyin ko`rsatilgan xizmat sifatsiz ekanligi ma`lum bo`ladi. Avtomobilning eski kasali yana qaytalanib, fuqaro A.Rning noroziligiga sabab bo`ladi.
Mazkur murojaat tegishliligiga ko`ra Kattaqo`rg`on shahar iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan o`rganildi. O`rganish davomida ustaxona xodimlariga qonuniy tushuntirish ishlari olib borilgandan so`ng, fuqaro A.R ga yetkazilgan 1 500 000 (bir million besh yuz ming) so`m zarar iste`molchi foydasiga undirib berildi.