31.07.2024
Yangi Namangan tumani “Ishonch” MFYda yashovchi Y.S. Namangan shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan. Unga ko‘ra, elektr ta’minoti korxonasi tomonidan fuqaro xonadoniga 5 million so‘m asossiz qarzdorlik hisoblangan. Qarzdorlikka oydinlik kiritish maqsadida, isteʼmolchi Yangi Namangan elektr taʼminoti idorasiga murojaat qilgan, biroq idora mutasaddilaridan aniq javob boʻlmagan.
Namangan shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari vaziyatni o‘rganganida, iste’molchining uyi oldiga o‘rnatilgan elektr simyog'ochga kimdir yoritgich o‘rnatgani sababli, elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari tomonidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, 4 950 000 so‘m miqdorida jarima belgilangani, ushbu xonadonda uzoq vaqtdan buyon hech kim yashamasligi, qolaversa, simyogʻoch joylashgan joy isteʼmolchining kadastr hududidan tashqarida boʻlgani, murojaatchining elektr energiyasi toʻlovlaridan qarzi esa 775 ming 260 soʻm ekani maʼlum boʻldi.
Olib borilgan oʻrganish ishlari davomida ushbu holatlar yuzasidan toʻplangan hujjatlar tuman elektr taʼminoti korxonasiga kiritilganidan soʻng, korxonadan isteʼmolchi xonadoniga hisoblangan qarzdorlik qayta hisob-kitob qilinib, ushbu summa fuqaro hisob kartasidan chiqarib yuborildi.