06.08.2024
Buxoro shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan M.Burxonov ko'chasida yashovchi J.Sh. ning "UZUM MARKET" dan muddatli to‘lov shartlarida sotib olingan televizor sifatsiz ekani aniqlangani sababli, sotuvchi bilan tuzilgan oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishda amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.
Murojaatchiga ko‘ra, u shu yilning may oyi o‘rtalarida shaharda joylashgan "UZUM NASIYA PAYMART" dan muddatli to'lov asosida shartnoma narxi 15 398 600 so‘m bo‘lgan "VOLTO LED 75 VUW-9000 SMART" rusumli televizor xarid qilgan. Lekin undan besh kun davomida foydalanishi davomida turli nuqsonlar kuzatilgan. Shundan so‘ng, iste'molchi "UZUM MARKET" xodimlariga nuqsonli tovarni almashtirishlarini, aks holda, o‘rtadagi oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishlarini so‘ragan. Savdo do‘koni mas'ullari esa tovarning almashtirilishi yoki shartnoma bekor qilinishi servis kompaniyasining xulosasi asosida amalga oshirilishini ma'lum qilgan.
Murojaat savdo do‘koni mas'ullari bilan o‘rganilishi jarayonida tomonlarga amaldagi qonunchilik talablari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi. Xususan, shartnoma taraflariga amaldagi qonunchilik bo‘yicha tovarda kafolat muddati mobaynida aniqlangan nuqsonlarni bepul bartaraf etish, nuqsonli tovarni almashtirish yuzasidan talablar hamda shartnomani bekor qilishga olib keluvchi holatlar borasida berilgan tushuntirishlar natijasida, iste'molchi va sotuvchi o‘rtasidagi kelishuv asosida oldi-sotdi shartnomasi bekor qilinishiga erishildi.