
12.08.2024
Mirishkor tumanida yashovchi fuqaro S.A. Toshkent shahrida joylashgan “UMID AVTO COMPANIES” MChJ bilan “VOLKSWAGEN-CADDYTREDLINE MAX FULL” rusumli avtomashinani lizing asosida sotib olish uchun shartnoma tuzadi. Shartnoma shartlariga koʻra, 87 million 63 ming soʻm toʻlovni amalga oshiradi. Avtomashina narxi 244 million soʻmga baholanib, qolgan toʻlovni oyma-oy jadval asosida toʻlab borish belgilanadi. Biroq xizmat koʻrsatuvchi tashkilot oʻzaro rasmiylashtirilgan shartnomada belgilangan majburiyatlarini bajarmaydi. Ya'ni, oradan bir necha oy vaqt oʻtsa hamki, iste'molchiga avtomashinani yetkazib bermaydi. Bu haqda fuqaro MChJ mas'ullariga ko'p marotaba murojaat qilgan bo'lsa-da, hech qanday natija chiqmaydi.
Fuqaroning mazkur holat boʻyicha Oʻzbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi Qarshi shahar jamiyatiga qilgan murojaati tegishli tartibda oʻrganildi. Oʻrganish jarayonida, MChJ tomonidan iste'molchiga shartnomada koʻrsatilgan transport vositasini yetkazib berishning imkoni yoʻqligi oydinlashdi. Murojaatni oʻrganish natijalaridan kelib chiqib, “UMID AVTO COMPANIES” MChJdan fuqaroning asosiy qarzi hamda mahsulotni yetkazib berish kechiktirilgan muddat uchun neustoyka penya undirish toʻgʻrisida fuqarolik ishlari boʻyicha Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritildi. Sud tomonidan da'vo qanoatlantirilib, iste'molchi foydasiga 87 million 63 ming soʻm asosiy qarz, 870 ming soʻm penya hamda 4 million 353 ming soʻm davlat boji javobgardan undirib berildi.