Telegram-bot Virtual qabulxona

12.08.2024

Nosoz maishiy texnika uchun amalga oshirilgan to‘lov iste'molchiga qaytarildi

Marg‘ilon shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan Farg‘ona shahrida yashovchi M.T. ning 1 500 000 so‘mga sotib olgan yarim avtomat kir yuvish mashinasi nuqsonli chiqqanligi, uni maqbul sifatdagisiga almashtirish yoki pulini qaytarilishida amaliy yordam so‘rab qilingan murojaati o‘rganildi.

Iste'molchiga ko‘ra, u joriy yilning iyun oyi boshlarida Marg‘ilon shahridagi "Ipakchi buyum bozori"da joylashgan maishiy texnika do‘konidan "Artel" rusumidagi yarim avtomat kir yuvish mashinasi xarid qiladi. Kir yuvish mashinasini ishlatish vaqtida undan baland ovoz chiqib, o‘chib qolgandan keyin ushbu rusumdagi maishiy texnikalarga xizmat ko‘rsatuvchi servis markaziga murojaat qiladi. Servis xizmati pullik bo‘lishini bilganidan so'ng, sotuvchiga ushbu masalada qilgan murojaatiga "Men sotganimdan keyin javob bermayman" qabilidagi javobni oladi. 

Amaldagi iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka ko‘ra, iste'molchi xarid qilgan tovarda aniqlangan nuqsonlar bo‘yicha kafolat muddati mobaynida, kafolat muddati belgilanmagan tovarlar bo‘yicha esa 6 oy mobaynida o‘zining qonuniy huquqlarini amalga oshirgan holda, bunday tovarni almashtirish, bepul ta'mirlatish, shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplanishini talab qilish kabi bir qator huquqlarini emin-erkin amalga oshirishi mumkin. Shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan yuzaga kelgan holatda qonunning amaldagi talablari yuzasidan sotuvchiga berilgan tushuntirishlardan so‘ng, tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishilib, nuqsonli tovar sotuvchiga, 1 500 000 so‘m pul mablag‘i esa iste'molchiga qaytarilishiga erishildi.

 


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00