Telegram-bot Virtual qabulxona

20.08.2024

NOSOZ CHIQQAN 7,8 MILLION SO‘MLIK MUZLATGICH YANGISIGA ALMASHTIRIB BERILDI

Kuni kecha Samarqand viloyat Samarqand shahar iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan  fuqaro X.S. tomonidan kelib tushgan murojaati o`rganib chiqildi.  

Murojaatda bayon etilishicha, iste`molchi X.S Samarqand shahrida joylashgan maishiy texnika do’konidan “Bosch” rusumli umumiy qiymati 7,8 million so‘mlik muzlatgich sotib olgan, ammo bir necha kundan keyin mazkur muzlatgich nosoz ekanligi ma`lum bo`ladi. Dastlab fuqaro do`kon xodimlariga nuqsonli tovarni almashtirib berishlarini so`rab murojaat qilgan. Ammo turli vajlar bilan mazkur holat do`kon sotuvchilari tomonidan e`tiborsiz qoldiriladi. Shundan so`ng, fuqaro holatni ijobiy hal qilish istagida Samarqand shahar iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi.

Holat jamiyat xodimlari tomonidan atroflicha o`rganib chiqildi. O`rganish davomida iste'molchiga sotilgan muzlatgich nosoz boʻlganligi oʻz isbotini topdi.

O’zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasida iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda uning huquqlari bayon etilgan. Unga ko`ra, nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, o‘z xohishiga qarab quyidagilardan birini talab qilishga haqli:

tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish;

tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilish;

tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste’molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash;

xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish;

shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash.

Samarqand shahar iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan mazkur holatda iste`molchining qanday huquqlari mavjud ekanligi yuzasidan sotuvchiga tushuntirishlar berildi. Natijada nuqsonli tovar amaldagi qonunda belgilangan tartibda sifatlisiga almashtirib berildi.

 


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00