
23.09.2024
Koson tumani "Xoʻjaquduq" mahallasida yashovchi fuqaro F.M. iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, tuman elektr ta'minoti korxonasi xodimlari tomonidan xonadonidagi hisoblagichning kamchiliklari roʻkach qilinib, dalolatnoma rasmiylashtirilganligi va 26 million 509 ming soʻm jarima hisoblanganligidan noroziligini bildirgan.
Fuqaroning murojaati amaldagi “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari” talablariga muvofiq oʻrganildi. Aniqlanishicha, elektr ta'minoti korxonasi xodimlari fuqaroning xonadonida elektr energiyasidan foydalanish qoidalari talablari buzilganligi haqida dalolatnoma rasmiylashtirgan va unda hisoblagich davlat standarti talablariga mos kelmasligi, ya'ni qiyoslovdan oʻtkazilmaganligi qayd etilgan. Vaholanki, elektr hisoblagichni oʻrnatish, muhrlash, dasturga kiritish va davriy davlat qiyoslovidan oʻtkazish iste'molchining vazifasiga kirmaydi.
“Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari” talablaridan kelib chiqib, hisoblangan asossiz qarzdorlikni bekor qilish toʻgʻrisida fuqarolik ishlari boʻyicha Qarshi tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritildi. Sud tomonidan da'vo talabi qanoatlantirilib, amaldagi qoidalar talablariga zid tarzda rasmiylashtirilgan dalolatnomaga muvofiq hisoblangan 26 million 509 ming soʻm qarzdorlikni elektron hisobot dasturidan chiqarish va bekor qilish toʻgʻrisida hal qiluv qarori chiqarildi.
Ma'lumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 319-son qarori bilan tasdiqlangan yangi tahrirdagi “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ning 16-bandida hududiy elektr tarmoqlari korxonalari “iste'molchilarga oʻrnatilgan hisoblagichlarni belgilangan tartibda almashtirish, oʻrnatish va ularni plombalash hamda hisoblagichlarni oʻz vaqtida qiyoslovdan oʻtkazish”ga majbur ekanligi belgilangan.