Telegram-bot Virtual qabulxona

09.10.2024

Yana bir iste'molchining qonuniy huquqlari sudda himoya qilindi

Farg‘ona shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan shaharning A.Navoiy ko‘chasida yashovchi T.O.ning shartnoma asosida avtolizing kompaniyasiga avtomobil yetkazib berilishi uchun 46  317 000 so‘m oldindan to‘lovni amalga oshirgani, lekin avtomobil vaqtida yetkazib berilmagani uchun shartnomani bekor qilib to‘langan pullarni qaytarilishi bo‘yicha talablari bajarilmay kelayotganligi xususidagi murojaati o‘rganilib, o‘rganish yakunlari bo‘yicha, iste'molchi manfaatlarini ko‘zlab, tegishli tartibda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo sudiga kiritilgan da'vo arizasi ko‘rib chiqilib, sudning hal qiluv qarori chiqarildi.

Ma'lum bo‘lishicha, iste'molchi 10.08.2023 yilda "UMID AVTO KOMPANIES" MChJ bilan tuzilgan shartnoma asosida 120 ish kuni mobaynida "COBALT" avtomashinasi yetkazib berilishi uchun 46 317 000 so‘m oldindan to‘lovni amalga oshirgan. Shartnomada belgilangan muddat o‘tgach ham avtomobil yetkazib berilavermagach, tegishli tartibda shartnomani bekor qilish va to‘lagan pullarini qaytarilishini so‘rab kompaniyaga ariza bilan murojaat qilgan. Murojaatga kompaniya tomonidan berilgan javob xatida pul mablag‘i 2024-yilning 10-iyuliga qadar qaytarib berilishi va'da qilingan bo‘lsa-da, ushbu muddat o‘tgandan so‘ng ham pullar qaytarilmagan.

Ishni ko‘rish yakunlariga ko‘ra, sud javobgardan da'vogar T.O. foydasiga 46 317 000 so‘m moddiy zarar va pochta xarajatlari undirilishi, da'voning ma'naviy zarar to‘lab berilishiga taalluqli qismini esa qanoatlantirish rad etilishi bo‘yicha hal qiluv qarori chiqardi.

 


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00