
17.10.2024
Buxoro viloyati Buxoro shahri T. Farog'iy ko'chasida yashovchi fuqaro G'.S. Buxoro shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma murojaat qilgan.
Mazkur murojaatga ko'ra, 2023-yilning 21-avgustida fuqaro va "UMID AVTO COMPANIES" MCHJ o'rtasida 60-sonli shartnoma tuzilgan. Shartnomaga asosan, fuqaro avtomashina uchun avans sifatida MCHJga 66 886 000 so'm to'lagan, avtomashina pulining qolgan qismini esa jadvalga asosan to'lash majburiyatini olgan bo'lsa-da, MCHJ hozirgi kunga qadar avtomashinani yetkazib bermagan.
O'zbekiston Respublikasi "Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi qonun talablariga asosan, fuqaroning buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida Buxoro shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari FIB Toshkent shahri Uchtepa tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritgan. Da'vo arizasida javobgar "UMID AVTO COMPANIES" MCHJdan fuqaro foydasiga 66 886 000 so'm asosiy qarz, 668 860 so'm penya, pochta xarajati va ma'naviy zarar undirish so'ralgan. Sudning qaroriga ko'ra, da'vo talablari qanoatlantirilgan. Natijada, MChJ dan iste'molchi foydasiga 66 886 000 so'm asosiy qarz, 668 860 so'm penya va pochta xarajatlari undirib berildi.