28.10.2024
Iste'molchi T.Sh. Toshloq tuman markazidagi “Texnomart” MChJga qarashli kredit savdo markazidan shu yilning may oyida qiymatini bo‘lib to‘lash sharti bilan shartnoma narxi 3 600 000 so‘m bo‘lgan “SAMSUNG” markali changyutgichni xarid qilgan. Changyutgich bir oz muddat ishlaganidan so‘ng nosoz holatga kelib qolgan. Bu haqida savdo markaziga murojaat qilgan iste'molchiga savdo markazining servis xizmatiga murojaat qilishini aytishgan. Iste'molchi o‘tgan davr mobaynida changyutgichni to‘rt marotaba servis xizmatiga olib borgan.
Servisda birinchi gal filtr qismini, keyingi gal motorini almashtirib, soz holatga keltirildi, deyilgan. Ammo iste'molchi uyiga olib kelganida changyutgich yaxshi ishlamagan. Oxir-oqibat T.Sh. Toshloq tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, yuzaga kelgan muammoga yechim topishda amaliy yordam so‘ragan.
Tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan muammoni savdo do‘koni mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘rganilishi jarayonida changyutgichni servis xizmatiga olib borilib, to‘liq soz holatga keltirildi va muammo ijobiy hal etildi.