
31.10.2024
Uychi tumani "Yangiyer" MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro M.X. tomonidan tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat kelib tushgan.
Unda aytilishicha, fuqaro 2019-yil "Har bir oila tadbirkor" dasturi doirasida kreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan, Uychi tuman AT Agro bankdan issiqxona qurish maqsadida ajratilgan kredit shartnomalarini oʻzining nomiga rasmiylashtirib, tanishi "Yorqoʻrgʻon" MFY da istiqomat qiluvchi fuqaro A.T. bilan har oy kredit summalarini birgalikda toʻlab borish sharti bilan sherikchilik asosida kredit rasmiylashtiradi. Ammo ushbu kelishuvda aytilganidek, A.T. kredit summalarini vaqtida bankka toʻlamagani sababli, ikki sherik orasida kelishmovchiliklar yuzaga keladi. Bank bilan shartnoma murojaatchi M.X. bilan tuzilganligi sababli, 20 million 800 ming soʻmlik kreditdan boʻlgan qarzdorlik M.X. tomonidan toʻlanadi.
Uychi tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish ijro etuvchi apparati tomonidan M.X.ning manfaatlarini koʻzlab, fuqarolik ishlari boʻyicha Uchqoʻrgʻon tumanlararo sudiga "Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida"gi qonunning 19-22-29-moddalariga asosan keltirilgan moddiy va maʼnaviy zararni undirish toʻgʻrisida da'vo arizasi kiritildi. Sud tomonidan da'vo arizasi qanoatlantirildi va javobgar A.T dan M.X. foydasiga keltirilgan jami zarar 20 million soʻm pul mablagʻlari hamda 400 ming so'm davlat boji undirilishi toʻgʻrisida qaror chiqarildi.