
08.11.2024
Marg‘ilon shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan Yozyovon tumani "Xonobod" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi O.A.ning shartnomada oldi-sotdi jarayonida kelishilganidan boshqa narx qo‘llangani, shuningdek, xarid qilingan tovarda nuqson aniqlangani sababli shartnomani bekor qilinishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaat o‘rganildi.
Iste'molchining so‘zlariga ko‘ra, u Marg‘ilon shahridagi savdo do‘konidan narxi 9 400 000 so‘m bo‘lgan uch g‘ildirakli skuterni oldindan 3 500 000 so‘m to‘lash, qolgan summani esa 6 oy davomida bo‘lib to‘lab berish sharti bilan xarid qiladi. Tovar xonadonga olib kelingach, uning akkumulyator qismida nuqson mavjudligi, kamiga shartnomada bo‘lib to‘lanishi lozim bo‘lgan summa og‘zaki kelishuv davomida kelishilganidan ko‘ra ko‘proq yozib yuborilgani ma'lum bo‘ladi.
Murojaatni o‘rganish davomida sotuvchiga amaldagi qonunchilik bo‘yicha iste'molchida tovar (ish, xizmat) haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma'lumot berilishi, shuningdek, nuqsonli tovar sotilganda vujudga keladigan huquqlar, yuzaga kelgan holatda uning qonuniy talablari tushuntirildi. Natijada, shartnoma bekor qilinib, iste'molchi tomonidan to‘langan oldindan to‘lov summasi to‘liq qaytarilishiga erishildi.