Telegram-bot Virtual qabulxona

25.11.2024

Xizmat ko‘rsatish belgilangan muddatdan kechiktirilgani sababli, iste'molchi pullari qaytarildi

Marg‘ilon shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan shaharning Moturidiy ko‘chasida istiqomat qiluvchi D.I.ning ustalar tomonidan mebelni ta'mirlab berish ishlari paysalga solib kelinayotganligi, masalaning hal qilinishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.

Iste'molchiga ko‘ra, yumshoq mebel 30 kun ichida ta'mirlab berilishiga kelishilgan bo‘lsa-da, oradan 2 oy-u 10 kun o‘tsa hamki, buyurtma bajarilmagan. Buning ustiga, iste'molchidan 1 300 000 so‘m miqdorida qo‘shimcha to‘lov ham olingan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, agar ijrochi shartnomani ijro etishga o‘z vaqtida kirishmasa iste'molchi ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomadan voz kechishga va yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli bo‘lib, ish bajarishni boshlash va tugallash kechiktirilgan taqdirda, iste'molchida ijrochidan har bir kechiktirilgan kun uchun buyurtma qiymatini bir foizi miqdorida neustoyka (penya) undirib olish huquqi vujudga keladi. 

Murojaat o‘rganilishi jarayonida mebelsoz ustalar bilan qonunchilikning yuqoridagi talablari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilgach, masala iste'molchi foydasiga hal qilinib, unga 1 300 000 so‘m pulini qaytarilishiga erishildi.

 


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00