Telegram-bot Virtual qabulxona

26.11.2024

Salkam 6 million so'mlik nosoz elektr mashina sifatlisiga almashtirildi

Bag‘dod tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tumanning "Samarqand" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi G‘.Q.ning shartnoma qiymati 5 721 000 so‘m bo‘lgan bolalar o‘yinchoq elektr mashinasini muddatli to‘lov shartlarida xarid qilinib, undan foydalanish jarayonida aniqlangan nuqson sababidan sotuvchiga qo‘yilgan talablar qanoatlantirilmayotganligi holati bo'yicha qilgan murojaati o‘rganildi.

Iste'molchining so‘zlariga ko‘ra, bolalar uchun mo‘ljallangan, tovar nomi "Jeeb" bo‘lgan elektr mashina tumandagi "Ishonch" kredit savdo do‘konidan tovar qiymatini bo‘lib to‘lash shartlarida xarid qilingan. Xonadonga keltirib, foydalanish jarayonida esa avtomashinaning quvvatlagich qismida nuqson kuzatilgan. Do‘kon mas'ullariga bu borada qilgan murojaatlari bilan esa ijobiy natijaga erisha olmagan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, o‘ziga nuqsonli tovar sotilgan iste'molchi bunday tovarlarning almashtirilishini, bepul ta'mirlanishini, nuqsonni bartaraf qilish uchun qilgan xarajatlari qoplanishini, shartnoma bekor qilinib, ko‘rilgan zarar qoplanishini va shu kabi bir qator talablarni qo‘yish huquqiga ega bo‘lib, uning talablari ijrosi qonunda belgilangan muddatlarda ta'minlanishi kerak. Aks holda, iste'molchida ko‘rilgan zararni qoplatish bilan bir qatorda, qonunda belgilangan muddatlardan o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun tovar bahosining bir foizi miqdorida penya (neustoyka) undirib olish huquqi ham vujudga keladi.

Iste'molchi murojaati o‘rganilishi jarayonida tomonlarga qonunchilikning yuqoridagi talablari bo‘yicha tushuntirishlar berildi. O‘rganish ishlari esa, kutilganidek, masalani iste'molchi foydasiga hal bo‘lishi bilan yakun topdi. Nuqsonli deb topilgan bolalar elektravtomashinasi maqbul sifatdagi boshqasiga almashtirib berildi. 

 


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00