
26.11.2024
Farg‘ona shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan iste'molchi G‘.M.ning Paynet shoxobchasi yordamida o‘tkazilgan 1 000 000 so‘m pulni rasmiylashtirishda adashishga yo‘l qo‘yilganligi va mazkur mablag‘ni qaytarilishi bilan bog‘liq muammo yuzasidan qilgan murojaati o‘rganildi.
Ma'lum bo‘lishicha, iste'molchi Paynet shoxobchasi xodimi yordamida "Uzum nasiya" ilovasiga tovar xarid qilish uchun pul o‘tkazishda xatolikka yo‘l qo‘yadi. Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, pul mablag‘i belgilangan tartibda tegishli hisobraqamiga kelib tushmaydi. Bu holat "Uzum nasiya" mobil ilovasi mas'ullari tomonidan tasdiqlangach, pullarini qaytarib olishni imkonini topa olmagan iste'molchi federatsiyaning o‘zi ishlab turgan korxonada tashkil qilingan tayanch guruhi orqali amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qiladi.
Murojaatni shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida "Paynet" kompaniyasi va "Uzum nasiya" mobil ilovasi mas'ul xodimlari bilan bog‘lanilib, holatga aniqlik kiritildi. Natijada, pul mablag‘i haqiqatan "Uzum nasiya"ning tegishli hisobraqamiga tushmasdan "Paynet" kompaniyasi hisobraqamida turganligi ma'lum bo‘ldi hamda kompaniyaning ushbu pul mablag‘larini o‘tkazishga yordam ko‘rsatgan agenti orqali iste'molchining bank plastik kartasi hisobiga qaytarilishiga erishildi.