
26.11.2024
Namangan viloyati Uychi tumani "Qahramon" MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro Y.X. dan murojaat kelib tushgan.
Unda bayon etilishicha, isteʼmolchi Y.X. Uychi tumanida joylashgan "Ishonch" kredit savdo doʻkonidan umumiy qiymati 4 million 375 ming boʻlgan bolalar motosiklini sotib oladi. Ammo mazkur tovardan foydalanish jarayonida turli nuqson va kamchiliklar yuzaga chiqadi. Shundan soʻng, fuqaroning tovar xususidagi ogʻzaki murojaatini doʻkon sotuvchilari eʼtiborsiz qoldiradi, shuningdek, tovar savdo doʻkonida tashlab kelingan boʻlishiga qaramay, oradan 3 oy oʻtsa-da, isteʼmolchi bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinmay, har oy davomida 394 000 so'm mablagʻ yechib boriladi.
Vaziyat Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Uychi tuman jamiyati xodimlari tomonidan atroflicha oʻrganilib, iste'molchi manfaatini ko'zlagan holda fuqarolik ishlari bo'yicha Uchqo'rg'on tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritildi. Sud qaroriga ko'ra, isteʼmolchi va "Ishonch" savdo doʻkoni oʻrtasidagi shartnoma bekor qilinib, 3 oy davomida noreal yechib olingan pullari qaytarilib berilishga erishildi.