
19.12.2024
Har qanday maishiy texnikalarda kuzatilgani kabi yangi sotib olingan komyuterlarda ham nosozliklar uchrab turadi, siz ana shunday holatlarda kompyuterni o‘z hisobingizdan ta’mirlatishga shoshilmang! O‘zbekiston Respublikasi "Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 15-moddasiga ko‘ra, “Tovarda kafolat muddatida topilgan nuqsonlarni sotuvchi iste’molchi tegishli talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida, ishlab chiqaruvchi esa, o‘n kun ichida bepul bartaraf etishi lozim”ligi belgilab qo‘yilgan.
Ammo ayrim hollarda esa tadbirkorlar tomonidan iste’molchining shu kabi qonuniy talablari qanoatlantirilmaydi. Karmana tumani "Talqoq" MFYda yashovchi fuqaro M.S. federatsiyaning ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, 8 000 000 so‘mga sotib olgan monoblogida nosozliklar kuzatilganligi va sotuvchi tomonidan ta’mirlab berilmayotganligi sababli norozilik bildirib, ushbu masalada amaliy yordam so‘ragan.
Murojaat Karmana tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi va tadbirkorga iste’molchining yuqorida ko‘rsatilgan qonuniy huquqlari batafsil tushunturib o‘tilgach, kompyuterdagi nosozliklar kafolat muddati ichida bepul ta’mirlab berildi.