
19.12.2024
Bag‘dod tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tumanning "2-Bag‘dod" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi D.I.ning 3 916 000 so‘mga xarid qilingan gaz plitasi nuqsonli chiqqanligi va uni almashtirib berilishi yuzasidan sotuvchiga qilgan murojaati bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ko‘rilmasdan, ishlar paysalga solib kelinayotganligi to‘g‘risidagi og‘zaki murojaati o‘rganildi.
Iste'molchi murojaatida tuman markazidagi savdo do‘konlarining biridan xarid qilingan "Premier" rusumli gaz plitasi xonadonga olib kelinib foydalanib ko‘rilganda uning pastki qismi (duxovkasi)da nuqson aniqlangani, sotuvchiga bu borada murojaat qilganini, ular servis markaziga ko‘rsatamiz, deb ishlarni paysalga solib kelishayotganligini ma'lum qiladi.
O‘rganishda iste'molchi tomonidan keltirilgan vajlar isbotini topgach, tuman jamiyati xodimlari sotuvchi bilan uchrashib, unga amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirish ishlarini olib bordilar. Qonun talablarini bajarmaslik keltirib chiqaradigan huquqiy oqibatlarni to‘g‘ri anglab yetgan sotuvchi nuqsonli tovarni xuddi shu rusumdagi boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirib berishni ma'qul ko‘rdi.