07.02.2022
Ijtimoiy tarmmoqlar orqali bong urib aytilayotgan holatlar hali hamon oʻz nihoyasiga yetgani yoʻq. Hox u noreal qarzdorlik boʻlsin, hox nosozligi aniqlangan mahsulot, yoki elektr energiyasi va gaz taʼminotidagi muammolar barchasi bugungi kunning asosiy masalalari qatoridan oʻrin egallagan. Xususan, Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyaga ham mazkur holatlar yuzasidan koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda. Birgnia, 2021-yil davomida, Federatsiyaga kelib tushgan murojaatlarning 14,4% yaʼni 1637 tasi gaz sohasiga bogʻliq boʻlib, ushbu murojaatlarning 93% ijobiy hal etilishiga erishilgan.
Ulardan biri, Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanida yashovchi fuqaro Z.Doʻstmatova tomonidan kelgan boʻlib, qayd etilishicha, isteʼmolchi xonadoniga aqlli gaz hisoblagich oʻrnatilgandan soʻng, Hudud gaz taʼminot korxonasi tomonidan tabiiy gaz uchun 650 ming soʻm qarzdorlik mavjud ekani haqida xabar kelgan.
Biroq, fuqaro foydalanilgan gaz uchun toʻlovlarini oʻz vaqtida amalga oshirib kelgani haqida aytib oʻtgan. Bu borada hudud gaz taʼminot korxonasiga bir necha marotaba iurojaat qilgan boʻlsada, murojaati oʻz yechimini topmagan.
Murojaat oʻrganilishi natijasida isteʼmolchi haqiqatdan ham toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirib kelgani, toʻlov kvitansiyalarining maʼlum bir qismi bazaga kiritilmasdan qolib ketishi natijasida noreal qarzdorlik yuzaga kelgani maʼlum boʻldi va isteʼmolchi gardanidan asossiz qarzdorlik olib tashlandtashlanishiga erishildi.
Shunga oʻxshash murojaatlardan yana biri, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida yashovchi fuqaro M.Karxalov tomonidan kelgan boʻlib, qayd etilishicha, isteʼmolchi tabiiy gaz uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirgan boʻlsada, 2015-yildan shu kunga qadar kechiktirilgan toʻlovlar uchun jami 8 million 229 ming soʻm qarzdorlik va kechiktirilgan qarzdorlik uchun 802 ming 214 soʻm penya hisoblangani aytilgan.
Holat oʻz tasdiqini topmaguncha, isteʼmolchining murojaat qilmagan idorasiyu, taqillatmagan eshigi qolmagan.
Mazkur murojaat Federatsiyaning Qarshi shahar jamiyati xodimlari tomonidan oʻrganilishi natijasida, haqiqatta, isteʼmolchining xonadoniga noqonuniy ravishda 8 million 229 ming soʻm qarzdorlik va kechiktirilgan qarzdorlik uchun 802 ming 214 soʻm penya hisoblanganligi aniqlandi hamda mazkur qarzdorlikni bekor qilish va isteʼmolchining huquqlarini tiklash maqsadida, fuqarolik ishlari boʻyicha Qarshi tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi.
Sud xulosasiga koʻra, isteʼmolchi xonadoniga hisoblangan noqonuniy qarzdorlik bekor qilindi, shuningdek “Hududgaz Qashqadaryo” gaz taʼminoti filiali hisobidan isteʼmolchining foydasiga 500 ming soʻm maʼnaviy zarar undirilishiga erishildi.