
06.01.2025
Marg‘ilon shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan shaharning "Qashqar" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi M.A.ning o‘g‘li D.A.ga ish joyida o‘tkazilgan "aksiya" bo'yicha unga yaxshi tushuntish berilmasdan 2 454 000 so‘mga muddatli to‘lov shartlarida tovarlar rasmiylashtirilganligi, ushbu tovarlar sotuvchiga qaytarilishi va shartnoma bekor qilinishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.
Murojaat egasiga ko‘ra, uning o‘g‘li D.A. ishlaydigan ishxonaga tashrif buyurgan va o‘zini Andijon viloyatidan deb tanishtirgan yigit sotuvda mavjud bo‘lgan tovarlarini reklama qilib, muayyan tovarni muayyan summaga sotib olinganda xaridor aksiya ishtirokchisiga aylanishini va shu yerni o‘zida o‘tkaziladigan loto o‘yinida qo‘shimcha tovar ham yutib olishini aytib, oldi-sotdi amaliyotini amalga oshirishga qiziqtirgan. Unga qiziqish bildirgan D.A. 450 000 so‘m to‘lab oshxona idish-tovoqlarini xarid qilishi barobarida loto o‘yini vositasida unga "yutuqqa" blender ham chiqqan. Lekin oradan ma'lum vaqt o‘tib, uning bank plastik kartasidan to‘lovlar yechila boshlaganda tovarlar muddatli to‘lov shartlarida rasmiylashtirilganligi ma'lum bo'lgan.
Murojaatni o‘rganish jarayonida shartnoma asosida faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilot mas'ullariga "Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 7-moddasi, xususan, tovar (ish, xizmat) haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma'lumot berilishi natijasida iste'molchining huquqlari buzilishi va buning ortidan kelib chiquvchi huquqiy oqibatlar yuzasidan tushuntirishlar berilganida, sotuvchi tomon tovarlarni qaytarib oldi va pullar iste'molchiga qaytarildi.