
28.01.2025
Navbahor tumani "Vomitan" mahallasida yashovchi fuqaro V.Z. kredit to‘lov asosida "Damas" avtomobili xarid qiladi va kredit qarzdorligini Navoiy shahrida joylashgan "General insurance" MChJ sug‘urta kompaniyasi tomonidan sug‘urtalaydi. Biroq fuqaro kredit qarzdorligini muddatidan avval to‘laganini tasdiqlovchi hujjatlarni sug‘urta kompaniyasiga taqdim etib, foydalanilmagan kunlar uchun sug‘urta mukofotining qaytarilishini so‘raganida esa rad javobini oladi.
Fuqaro murojaati Navbahor tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan batafsil o‘rganilib, kompaniya rahbariga O‘zbekiston Respublikasining “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi qonunchilik talabalari, iste’molchining qonuniy huquqlari tushuntirildi. Natijada, fuqaroga sug‘urta kompaniyasining xizmatlaridan foydalanmagan kunlari uchun 2 200 000 so‘m sug‘urta mukofoti qaytarib berilishiga erishildi.