06.02.2025
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Mingbuloq tuman ijro etuvchi apparatiga tumanda yashovchi isteʼmolchilardan koʻplab murojaatlar kelib tushgan.
Murojaatlarda bayon etilishicha, “Namangan Musaffo Iqlim” MCHJ Mingbuloq tuman filiali xodimlari tomonidan kuz-qish mavsumida maishiy chiqindilarning olib ketilmasligi natijasida, iste'molchilarga hech qanday xizmat koʻrsatilmagan.
O'rganishlar davomida haqiqatdan ham Mingbuloq tumanidagi 17 ta MFY hamda “Namangan Musaffo Iqlim” MCHJ Mingbuloq tuman filiali oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-noyabrdagi PF5580-sonli Qaroriga asosan ommaviy shartnoma tuzilgani aniqlandi. Lekin qish mavsumida havo haroratining sovishi va gaz tanqisligining yuzaga kelishi sababli, MChJ maxsus texnikalari yoqilgʻi bilan ta'minlanmagan. Shu bois, 2024-yilning iyul, avgust, sentyabr, oktyabr, noyabr, dekabr va 2025-yil yanvar oylarida qatnov grafigi boʻyicha aholiga toʻliq va sifatli xizmat koʻrsatilmagan.
Oʻrganish yakuniga koʻra, “Namangan Musaffo Iqlim” MCHJ Mingbuloq tuman filiali tomonidan tumanidagi 17 ta MFY aholisiga belgilangan sifatdagi xizmatlar koʻrsatilmaganligi sababli, yuqorida sanab o'tilgan oylar uchun jami 44 689 nafar aholidan olinadigan 1 001 033 600 (bir milliard bir million oʻttiz uch ming olti yuz) soʻm to'lovlarni undirish bekor qilindi.