
28.02.2025
Dang‘ara tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan Qo‘qon shahrida yashovchi D.J.ning tuman hududidagi bozordan 16 000 000 so‘mga xarid qilingan ovoz kuchaytirgichni boshqa rusumlisiga almashtirib ololmayotganligi xususidagi og‘zaki murojaati o‘rganildi.
Iste'molchining so‘zlariga ko‘ra, u tumandagi “Baraka” savdo majmuasi hududidan "Hammer Tech" rusumidagi ovoz kuchaytirgich uskunalari to‘plamini 2024-yilning mart oyida xarid qilgan. Lekin keyinchalik uskunani ishlatish davomida unda muayyan nuqsonlar kuzatilavergach, sotuvchiga uni boshqa rusumdagi uskunaga almashtirish talabi bilan murojaat qilgan. Sotuvchi tomoni turli vaj-karson va sabablar bilan uning ushbu talabini bajaravermagach, Dang‘ara tuman jamiyatiga ushbu masalada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qilgan.
Tuman jamiyati mas'ullari tomonidan sotuvchiga amaldagi qonunchilik talablari va ularni bajarmaslik natijasida kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar yuzasidan tushuntirishlar berildi. O‘rganish yakunida tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishilib, e'tiroz bildirilgan uskunalar to‘plami boshqa rusumdagisiga almashtirildi.