
18.03.2025
Xatirchi tumani "Chagʼatoy" MFY 11-uyda yashovchi fuqaro M.T. 2024-yil 14-oktyabr kuni tumandagi savdo markazidan 18 974 800 so‘mga kredit asosida "Armada 1111" rusumli skuter xarid qilgan. Biroq skuterning akkumulyatorida nuqsonlar mavjudligi sababli savdo markaziga murojaat qilgan, lekin 5 oy davomida markaz xodimlarining quruq va’dalaridan boshqa natijaga erishmagan.
Shundan so‘ng, fuqaro Xatirchi tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, o‘z huquqlari himoya qilinishini, yetkazilgan moddiy zararni undirish yoki akkumulyatorlarni yangisiga almashtirishda amaliy yordam so‘ragan.
Murojaat o‘rganilganda fuqaroning shikoyati o‘rinliligi va skuterning akkumulyatorlari butunlay yaroqsiz ekanligi aniqlandi. Jamiyat mas’ul xodimlari savdo markazi rahbariyatiga iste’molchi huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi asosida huquqiy tushunchalar berdilar.
Natijada, savdo markazi rahbariyati fuqaroning qonuniy talablarini to‘g‘ri anglab yetib, unga qiymati 2 000 000 so‘mdan ortiq bo‘lgan yangi akkumulyatorlar to‘plamini o‘rnatib berdi hamda noqulayliklar uchun rasman uzr so‘radi.