
19.03.2025
Uchko‘prik tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tumanning "Yakkatut" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi O.A.ning muddatli to'lov asosida 12 787 500 so‘mga xarid qilingan elektroskuter nuqsonlari sabab sotuvchiga qaytarilgan bo‘lsa-da, shartnoma bo‘yicha oradan o‘tgan vaqt davomida plastik kartasidan yechib borilgan mablag‘lar unga qaytarib berilmayotganligi masalasida qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste'molchi murojaatida "Red motor 20/3" rusumli elektroskuter "Texnomart" savdo do‘konidan bo‘lib to‘lash shartlarida xarid qilingani, nuqsonlari sabab 2024-yilning fevral oyida savdo do‘koniga qaytarilgani, lekin plastik kartasidan yechilgan pul summalarini qaytarish masalasida sotuvchi bilan kelishuvga erisha olmaganini bayon qilib, ushbu pul mablag‘larini qaytarib olishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘raydi.
Tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan murojaatda keltirilgan vajlar o‘rganilib, ular isbotini topgandan so‘ng, sotuvchi bosh ofisi joylashgan hudud bo‘yicha Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da'vo arizasi kiritildi. Lekin sotuvchi tomoni ishni sudda ko‘rish kunida iste'molchi plastik kartasiga 2 891 845,5 so‘m pul mablag‘ini qaytarib, ishni sudgacha hal qilish tashabbusi bilan chiqdi va masala ijobiy hal qilinishiga erishildi.