
25.03.2025
Uchko‘prik tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tumanning "Bog‘ibo‘ston" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi G‘.O.ning savdo do‘konidan 3 459 500 so‘mga xarid qilingan noutbukda nuqsonlar aniqlangani, ularni bartaraf qilish bo‘yicha servis xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, noutbukda qaytadan nuqsonlar kelib chiqayotgani hamda uni sotuvchiga qaytarib, pullarini qaytarib olishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.
O‘rganish ishlari doirasida, shuningdek, bu borada "Texnomart" savdo do‘koni rahbariyatiga kiritilgan so‘rovga olingan javobdan ma'lum bo‘lishicha, Lenovo IdeaPad 1 15IGL7 82V700DURK rusumli noutbuk 2024-yilning 20-avgustidagi sotuvchi va iste'molchi o‘rtasidagi ikki tomonlama shartnoma asosida murojaat egasining turmush o‘rtog‘i Q.J. nomiga rasmiylashtirilib olingan. Iste'molchi tomonidan noutbukda yuzaga kelgan nuqson bartaraf etilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qilingan. O‘rganishda esa noutbukda zavod nosozligi (defekt) mavjudligi aniqlangan.
Iste'molchi murojaati asosida olib borilgan o‘rganish ishlari davomida yuqoridagi holatlar hisobga olinib, iste'molchiga noutbukni xarid qilish uchun to‘lagan 3 459 500 so‘m pulini qaytarilishiga va masala iste'molchi foydasiga hal etilishiga erishildi.