Telegram-bot Virtual qabulxona

16.02.2022

Yangi uyni orzu qilib: Urgutda isteʼmolchilar murojaati hal etildi

     Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga kelib tushayotgan eng koʼp murojaatlardan biri uy-joy qurilishi tizimidan norozi insonlar shikoyatlaridir. Mamlakatimiz aholisining asosiy qismini yoshlar tashkil etadi. Shu bois ham uy-joyga boʼlgan ehtiyoj yildan-yilga ortib bormoqda. Yana biz oʼzbeklar uyimiz oʼzimizniki boʼlishini istaymiz, uyni -Vatan sanaymiz.

    Uy-joyga boʼlgan ehtiyojlar natijasida quruvchilik shirkatlari, qurilish homashyolarini ishlab chiqaruvchi korxonalar soni keskin oshdi. Qurilish sohasida xususiy sektorlar salmogʼi koʼpaydi. Bu qaysidir maʼnoda yaxshi boʼlsa, qaysidir maʼnoda muammolar koʼpayishiga zamin yaratmoqda. Hozir har ikki insondan biri uy sotib olishdagi muammolar, turar joy xarid qilaman deya firibgarlarga roʼbaru boʼlgani yoki yangi xonadon taʼmiridagi nosozliklar haqida gapiradi. Yillar davomida har nedan tejab uy olaman deya pul yigʼgan mehnatkash, sodda yurtdoshlarimiz uy-joy xarid qilishda turli muammolarga duch kelsa alam qilishi tayin. Bugun Samarqand viloyati Urgut tumanida yuz bergan shunday holatlarga toʼxtalib oʼtsak.

     Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi ishonch telefoniga kelib tushgan murojaatlar Urgut tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga jo’natilgan. Murojaatchilardan biri Urgut tumanida yashovchi M. Аxmedova “Movarounnahr Buldings” MChJ norozi boʼlgan. Tumandagi “Navoiy shox” koʼchasi 98 uydan uy harid qilish uchun 19 000 000 million soʼm toʼlaganini, ammo qurilish korxonasi anchadan buyon yangi uyni foydalanishaga topshirmayotganini maʼlum qilgan. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati aʼzolari “Movarounnahr Buldings” MChJ rahbari va xodimlariga qonuniy jihatdan tushuntirish ishlari olib borgach, qurilish korxonasidan M. Аxmedovaning 19 000 000 soʼm pul mablag’i tezkorlik bilan undirib berildi.

   “Movarounnahr Buldings” MChJ quruvchilari insonlarni chuv tushirishni oʼzlariga kasb qilib olishganmi, “Movarounnahr Buldings” MChJ dan norozi boʼlib, yana bir urgutlik N. Tolibova ham Urgut tumani Isteʼmolchilar huqularini himoya qilish jamiyatiga ariza yozgan. Unga koʼra ushbu fuqro ham “Movarounnahr Buldings” MChJ yangi uy xaridi uchun 43 700 000 soʼm toʼlaganligini maʼlum qilgan. N. Tolibovaning ham arizasi oʼrganilib, muammo joyida bartaraf etildi. Isteʼmolchining uy sotib olish uchun toʼlagan, sarson boʼlib ololmay yurgan 43 700 000 soʼmi ham MChJ tomonidan qaytarib berildi. Eng achinarlisi bu yurtdoshlarimiz oʼz pullarini yolgʼonchilardan qaytarib olish uchun qancha vaqt yutqazdi ekan, yangi uyni orzu qilib, kutganlari roʼy bermagach, qay ahvolga tushdi ekan?! Bunday savollar yolgʼonchi, firibgar quruvchilarni qiziqtirmasligi tayin. Bu ikki holatda Federatsiya xodimlari tomonidan undirib berilgan jami 62 700 000 soʼm kimlar uchundir kichik summadir biroq peshona terisi bilan, uy olaman deya pul toʼplagan insonlar uning qadrini yaxshi biladi. Yoʼqorida keltirgan xolatlarimiz dengizdan tomchi xolos, uy-joy sotib olishda minglab muammolar ichida yurgan yurtdoshlarimiz talaygina. Noroziliklar ustiga poydevor qurib, uy tiklayotgan har bir qurilish korxonasi buni javobi ikki dunyoda ham borligini unutmasalar bas!

 

  1.  Gulnoza Sharafova
  2.  Jurnalist

Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00