Telegram-bot Virtual qabulxona

18.02.2022

“Vaʼda quruq, bajarilsa ulugʼ”

Tadbirkorlik faoliyatini endigina boshlayotgan yurtdoshlarimiz bankdan imtiyozli kreditlar olib, oʼz ish faoliyatini boshlashga harakat qiladi. Qoʼlida mablagʼi yoʼq inson uchun kredit bir imkoniyatdir. Bugun banklar tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlarga ajratilayotgan imtiyozli kreditlar berilishida bank, tadbirkor va taʼminotchi oʼrtasida tuzilayotgan shartnomalar mavjud. Uch tomonlama tuzilgan shartnomalar sharti koʼp hollarda taʼminotchilar tomonidan buzilayotganini guvohi boʼlmoqdamiz.

 Samarqand viloyati Ishtixon tumani “Kattaqangli” MFY 37-uyda yashovchi fuqaro Gulhayo Saydullaeva 2022 yil 12 yanvar kuni Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi “ishonch telefoni”ga murojaat qilgan. U oʼz murojaatida Аgrobankdan tikuvchilik faoliyatini boshlash uchun 27 million 300 ming soʼm imtiyozli kredit olganini maʼlum qilgan. Yuqorida keltirganimiz uch tomonlama shartnomaga muvofiq tadbirkor Gulhayo Saydullaevaga taʼminotchi Komil Tuygʼunov tomonidan 27 300 000 soʼm evaziga tikuv mashinasi va xom ashyo yetkazib berilishi kerak boʼlgan. Mablagʼ bank tomonidan taʼminotchiga oʼz vaqtida oʼtkazilgan boʼlsa ham, kelishuvga binoan Komil Tuygʼunov tadbirkorga vaqtida tikuv mashinasi va xom ashyolarini yetkazib bermaganidan G. Saydullaeva norozilik bildirgan.

 Bu kabi vaziyatda vaʼda berib, vaqtida bajarmaslik insoniylik prinsiplariga ham qonuniylik tamoyillariga ham toʼgʼri kelmaydi. Samarqand viloyati Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan ushbu murojaat oʼrganildi. Taʼminotchi Komil Tuygʼunovga shartnomani bajarish tamoyillari tushuntirildi. Isteʼmolchining huquqlari qonuniy jihatdan himoyalanib, murojaati ijobiy hal etildi. G. Saydullaevaga 27 300 000 soʼmga tikuv mashinasi va xom ashyolar yetkazib berildi. Hal etilgan bu murojaatning tag zamirida bir ayol taqdiri, orzu-maqsadlari turibdi. Bugun shartnoma shartini bajarmayotgan, vaʼda berib choʼzib yurgan taʼminotchilar bir oʼylab koʼrishsin, ularning bunday oʼyinlari natijasida kimningdir oilasi, yosh goʼdaklari jabr chekishi, endigina tadbirkorlikka qadam qoʼyayotgan bir insonning qaddi bukilishi mumkin. Insonlar taqdirini esa uyin qilib boʼlmaydi!

 

 Gulnoza sharafova,

 Jurnalist


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00