28.02.2022
Sogʼlik inson uchun eng katta boylikdir. Аyniqsa, ota-onalar farzandi kasal boʼlsa bor halovatini yoʼqotadi. Farzandini tuzalishi uchun har nedan najot izlashadi. Shunday paytda notoʼgʼri tashxis yoki bemor salomatligiga xavf soladigan notoʼgʼri dori-darmon bir goʼdakning umriga zomin boʼlishi ham hech gap emas. Shuning uchun ham tibbiyot xodimlari, dorixonalarda faoliyat yuritayotgan farmatsevtlar oʼz ishiga doimo masʼuliyat bilan yondashishlari lozim.
Namangan viloyati Uchqoʼrgʼon tumani “Qoʼgʼay” qishlogʼi “Sharxonchek” mahallasida yashovchi fuqaro Y.M. Uchqoʼrgʼon tuman Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat etgan. Murojaatda bayon etilishicha fuqaro Y.M. 12.11.2021 yilda tugʼilgan nabirasi X.X ning qorin boʼshligʼidagi bezovtaligi sababli Qoʼgʼay Tibbiyot birlashmasiga olib kelgan, shu kuni kunduzgi navbatchi shifokor tomonidan buyurilgan dori(kukun) vositasini dorixona sotuvchisi tomonidan boshqa dori (sirop) ga adashtirib berilishi va bemorga ichirilishi natijasida bemor bolaning salomatligi yomonlashgan. Buning natijasida isteʼmolchiga jami 2000000 (Ikki million) soʼmlik moddiy zarar yetganligidan norozi boʼlib murojaat etgan.
Ushbu murojaat Uchqoʼrgʼon tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan hamda hudud profilaktika inspektori bilan birgalikda oʼrganilib chiqildi.
Oʼrganish davomida haqiqatdan ham dorixona sotuvchisi tomonidan notoʼgʼri dori vositalari berilganligi aniqlandi. Dorixona rahbariga qonun doirasida tushunchalar berib oʼtildi. Natijada dorixona rahbari G.M tomonidan isteʼmolchiga yetkazilgan zarar toʼliq qoplab berildi. Moddiy zarar qoplangani oʼz yoʼliga. Har bir dorixona xodimi bu kabi vaziyatdan xulosa chiqarib, dori vositalarini shifokor retsepti asosidagina berishi lozim. Birgina xato- insonlar sogʼligiga katta zarar yetkazishi mumkin.
Elektr kuchlanishidan zarar koʼrgan isteʼmolchi murojaati
Namangan viloyati, Chust tumani “Karkidon” MFY da yashovchi fuqaro M. Sh. joriy yilning yanvar oyida Chust tuman Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat etgan.
Murojaatda bayon etilishicha fuqaroning yashash xonadonida elektr simidan kuchlanish yuzaga kelganligi sababli xonadonidagi muzlatgich, yangi elektr plitasi va xonadagi elektr plofoni kuyib yaroqsiz holatga kelib qolganligidan norozilik bildirgan.
Ushbu murojaatni Chust tuman Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari hamda Uzenergoinspektsiya Namangan hududiy birlashma mutaxassislari hamkorligida qonun doirasida oʼrganib chiqildi, oʼrganish davomida uning murojaati ijobiy hal etilib, isteʼmolchining muzlatgichi va elektr plitasi yangisiga almashtirilib berildi.
Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish
jamiyatlari federatsiyasi
Matbuot xizmati