Telegram-bot Virtual qabulxona

04.03.2022

Savdo sanʼati ustalari makriga uchib, kompyuter xaridida aldanib qolgan isteʼmolchilar muammosi

 Savdogarning yomon moli boʼlmas deyishganidek, sotuvchi doim oʼz mahsulotini qanday qilib boʼlmasin sotishga harakat qiladi. Bozorlarimizni chetdan turib kuzatsangiz, reklama va piarning eng chiroyli koʼrinishlari oʼzbek bozorlarida ekanligiga guvoh boʼlasiz. Bugun bozorlarimiz taraqqiy etib, rivojlandi. Аsrlar oʼtsada savdogar va xaridor oʼrtasida boʼladigan muammolar hanuz tugagani yoʼq va bu muammolar insoniyat borki yakuniga yetmasa ham kerak. Faqatgina bugunga kelib, savdogar va xaridor oʼrtasida yuz beradigan tortishuvlar ham zamonaviy tus olmoqda.

 Namangan viloyatida yashovchi Dilmurod Vohidov Namangan shahrida joylashgan “Medan” maishiy texnika doʼkonidan “Аsus Vivo BOOK” rusumli kompyuterni 2021-yilning 26-dekabrь sanasida sotib olgan. Biroq kompyuter nosoz chiqqan. Isteʼmolchi mahsulotni almashtirishga olib borganida unga taʼmirlab, nosozlikni bartaraf etib beramiz deyishgan. Biroq D.Vohidov servis xizmatidan ham qoniqmagan. U yana doʼkonga borib, noutbukni almashtirib berishlarini yoki pulini qaytarib berishlarini talab qilganda, doʼkon xodimlari siz tovarni kreditga olgansiz va siz bilan tuzilgan shartnoma elektron tarzda tuzilgani uchun pulingizni qaytarib bera olmaymiz degan vajni keltirgan. Bundan jahli chiqqan isteʼmolchi Namangan shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga borib, masalasini hal etib berishlarini soʼrab, ariza qoldirgan. Namangan shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari “Medan” doʼkoni ish yurituvchisi va murojaatchi bilan bevosita suhbatlashib, “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʼgʼrisida”gi qonunda bu kabi holatlarga qanday yondashish lozimligini tushuntirishgan. Suhbat davomida D. Vohidov bu doʼkondan kompyuter olish fikridan qatʼiy qaytganini bildirib, unga pulini qaytarib berishlarini soʼragan. Isteʼmolchining talabi qondirilib, oʼsha kunning oʼzida uning noutbuk uchun toʼlagan 9370000 soʼm pul mablagʼi qaytarib berildi.

 Toshkent viloyatilik Otabek Norchaev ham Yunusobod tumanidagi doʼkonlardan biridan kompyuter sotib olgan. Buni qarangki, doʼkondagi sotuvchi xaridorni qanday boʼlmasin aldab, ishlatilgan kompyuter jamlamasini berib yuborgan. Buni oʼz uyiga borib bilib qolgan isteʼmolchi Federatsiyaning “ishonch telefoni” ga murojaat qilib, unga ushbu muammosini yechishda amaliy yordam berishlarini soʼragan. Ushbu murojaat Shayhontohur tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan ijobiy hal etilib, isteʼmolchiga doʼkondan yangi kompyuter jamlamasi olib berildi.

 Yana bir shunday ish Toshkent shahri Mirzo Ulugʼbek tumanida yashovchi Islom Qayumov bilan yuz berdi. U “Malika” savdo majmuasidan 7500000 soʼmdan oshiqroq soʼmga “Аsus Vivo BOOK x 712” rusumli noutbukni 2021 yilning 1-martida bir yillik kafolot muddati bilan xarid qilgan. Аmmo qisqa vaqtda noutbuk ishlamay qolgan. Isteʼmolchi kompyuterni xarid qilgan doʼkoniga murojaat qilgan. Doʼkondagi sotuvchilar I.Qayumovni servis xizmatiga joʼnatishgan. Servis xizmatidagi mutaxassislar 3 kun ichida tuzatib beramiz deya, oradan ancha vaqt oʼtsada isteʼmolchining kompyuterini tuzatib berishmagan. Bu holatdan norozi boʼlgan Islom Qayumov Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga murojaat qilib, muammosi yuzasidan ariza qoldirgan. Ushbu ariza Toshkent shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan oʼrganilib, bir kunda nosoz noutbuk mahsulot sotib olingan doʼkonga tegishli servis xizmati tomonidan taʼmirlab berilishiga erishishdi. Ushbu holatlarni tahlil eta turib, isteʼmolchilarga har qanday holatda ham oʼz huquqlari himoyasi uchun kurashishlari lozim degan fikrga keldik.

 

 Gulnoza Sharafova,

 Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi

Matbuot xizmati xodimi

 

 


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00