11.03.2022
Uyimizdagi maishiy texnika anjomlari ayollar ishini yengil qilib, onalarni turli uy-yumushlariga ketadigan vaqtini farzandlari uchun sarflashiga xizmat qiladi. Biroq, kundalik hayotimizda maishiy texnika xaridida adashish holatlari juda koʼp uchraydi. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga ham shunday murojaat bilan ariza qoldiradiganlar juda koʼp. Shovot tumanida yashovchi isteʼmolchi Odilbek Qalandarov oʼz murojaatida tumandagi texnika doʼkonlaridan birida 8 kg lik yarim avtomat kir yuvish mashinasini sotib olgan. Kir yuvish mashinasi xonadoniga olib borib oʼrnatilgach, uning ayrim qismlari nosoz ekanligi maʼlum boʼlgan. O.Qalandarov doʼkon egalaridan kir yuvish mashinasining nosoz qismlarini taʼmirlab berishlarini soʼraganda undan yana qoʼshimcha 300 000 soʼm pul talab etilgan. Аlbatta bundan isteʼmolchi ranjigan va mahsulot sotib olgan doʼkoni joylashgan Gurlan tumani Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga muammosini hal etishlarini soʼragan. Gurlan tumani Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari joyiga chiqib, vaziyatni oʼrganish davomida isteʼmolchiga chindan taʼmirtalab kir yuvish mashinasini yangi deya sotgan, yana uni taʼmirlab berish uchun pul talab qilgan “uddaburon” doʼkon egalarining yolgʼonlari fosh boʼldi. Shundan soʼng isteʼmolchining kir yuvish mashinasi uchun toʼlagan 1 700 000 soʼm puli olib berildi.
Samarqandlik Sobir Fayzievning yangi xarid qilgan buyumi bilan ham shunday muammo yuz berdi. U Jomboy tumanidagi maishiy texnika doʼkonidan 3 400 000 soʼmga televizor sotib olgan. Uyiga olib borib oʼrnatgach, bir necha kun oʼtib televizor sifatsizligi maʼlum boʼlib, televizor ekrani yaxshi koʼrsatmay qolgan. Bundan norozi isteʼmochi doʼkonga murojaat qilib, televizori ekranini taʼmirlab berishlarini soʼragan. Doʼkon egalari bundan bosh tortgan. Bir yilga berilgan kafolat muddatidan bir oy ham oʼtmay bunday muammoga duch kelgan isteʼmolchi bundan norozi boʼlib, Jomboy tumani Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yordam soʼrab murojaat qilgan. Jamiyat xodimlari tomonidan doʼkon xodimiga qonuniy tushuntirish ishlari olib borilgach, isteʼmolchining televizori taʼmirlab berildi. Аslida yangi xarid qilingan maishiy texnika kafolat muddati ichida muammosiz ishlashi lozim. Sotib olayotganingizda kafolat berib, keyin oʼz soʼzidan qaytuvchi “tadbirkor”larni atoqli adibimiz Аbdulla Qodiriy taʼbiri ila aytganda “oʼz lavzidan qaytib, vijdoni oldida qip-qizil ajiva boʼlgʼuvchilardir” deyish mumkin. Har kuni mahsulot xarid qilib, uning sifatsizligidan norozi boʼlib murojaat qoldiradigan isteʼmolchilar muammosini oʼrgana turib, ayrim savdogarlar xaridorni norzi qilib topgan pulida baraka boʼlar ekanmi, degan savol tugʼiladi. Birgina oʼtgan 2021 yilda savdo sohasidan norozi boʼlgan isteʼmolchilarning murojaatlari 4276 tani tashkil etgan. Mahsulot xarid qilib, aldanib qolgan, biroq andisha sabab murojaat qilmagan insonlar qancha oramizda. Bir haqiqat mavjud kichik muammolar hal etilmas ekan, jamiyaning ogʼriqli tomoniga aylanadi. Savdogarlar halolikka intilsa, isteʼmolchilar ham diqqatli, sinchikov boʼlib xaridlarini amalga oshirsalar bu kabi muammolar kamayar edi. Har bir fuqarosi huquqi va burchini anglab yashayotgan davlatgina rivojlangan mamlakatga aylanadi.
Gulnoza Sharafova
Jurnalist