
14.06.2021
Ijtimoiy tarmoqlarda ishlatilgan tabiiy gaz pulini oʻz vaqtida toʻlamaslik oqibatida yuzaga kelgan qarzdorlik tufayli elektron gaz hisoblagichlarning avtomatik tarzda oʻchib qolishiga alohida urgʻu berilmoqda. Ayrim isteʼmolchilar fikricha, ushbu aqlli gaz hisoblagichlar noreal qarzdorlik va penya uchun oʻchirilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga ham noreal qarzdorlik bilan bogʻliq koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda.
Jumladan, Namangan shahrida yashovchi Y. A. oʻz murojaatida 860 ming soʻm qarzdorligi mavjudligi sababli xonadoni tabiiy gaz taʼminotidan uzib qoʻyilgani, isteʼmolchi bir necha marotaba mutasaddilarga murojaat qilgan boʻlsa-da, hech qanday oʻzgarish boʻlmaganini qayd etgan. Yana bir murojaatchi — toʻraqoʻrgʻonlik N. A.ning xonadoniga tuman gaz taʼminoti korxonasidan tabiiy gaz uchun 907 ming soʻm qarzdorlik borligi haqida maʼlumot kelgan. Fuqaro esa bundan norozi boʻlgan. Boisi, har oy gaz haqini oʻz vaqtida toʻlab kelgan. Isteʼmolchi tuman gaz taʼminotiga qatnayverib kovushi yemirilgan. Shuningdek, Ellikqalʼa tumani Maxtumquli koʻchasida ijarada turuvchi fuqaro A. N.dan murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaatda ham isteʼmolchiga gaz taʼminoti korxonasi tomonidan 2 million 800 ming soʻm noreal qarzdorlik boʻyicha maʼlumot kelgani qayd etilgan. Murojaat oʻrganilganda isteʼmolchining 630 ming soʻm qarzi borligi, 2 million 170 ming soʻm ortiqcha hisoblangani aniqlandi. Bundan tashqari, Doʻstlik tumanida yashovchi fuqaro M. A. tomonidan ham xuddi shu mazmundagi murojaat kelib tushadi. Unga koʻra isteʼmolchiga 2 million 572 ming soʻm qarzdorligi toʻgʻrisida notoʻgʻri xabar kelgan. Mazkur murojaatlar oʻrganilishi natijasida isteʼmolchilar foydasiga qariyb 6 million 500 ming soʻm mablagʻ undirib berilishiga erishildi, deya xabr beryapti federatsiya matbuot xizmati.