Telegram-bot Virtual qabulxona

28.03.2022

Yulduz Usmonova konsertidagi “parda” mojarosiga oydinlik kiritildi

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan Oʻzbekiston Xalq artisti Yulduz Usmonovaning “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyida boʻlib oʻtayotgan joriy yildagi yakkaxon konsert dasturining 12-mart kechki seansida boʻlib oʻtgan holat yuzasidan oʻrganish ishlari olib borildi.

Mazkur oʻrganish ishlari ushbu konsert dasturini tashkil etgan “MEDIA MY GRAND” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbariyati, “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyi maʼmuriyati hamda xonanda va uning prodyuseri shaxsan ishtirokida oʻtkazildi.

Unga koʻra, “MEDIA MY GRAND” MCHJ “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyida joriy yilning 10-25-mart kunlari xonanda, Oʻzbekiston Xalq artisti Yulduz Usmonovaning yakkaxon konsert dasturini oʻtkazishni rejalashtirgan boʻlib, bu boʻyicha Toshkent shahar Ommaviy tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha komissiyaning (25.10.2021-yildagi) 198 – sonli (MM-1 toifali) ruxsatnomasi olingan.

Joriy yilning 12-mart kuni konsert dasturining kechki seansida badiiy dasturning 2-blogida xonanda tomonidan “Ona” qoʻshigʻi kuylash jarayonida, sahnadan pastgi oʻrindiqlarda oʻtirgan nomaʼlum tomoshabin tarafidan xonandaga baland ovozda murojaat qilingan, ammo xonanda mazkur murojaatning mazmunini tushunmagan. (Yulduz Usmonova: mendan qandaydir qoʻshiqni soʻradi deb oʻyladim) Xonanda tomonidan qoʻshiqni kuylash davom ettirilgan. Biroq, zalda oʻtirgan bir nechta tomoshabin baland ovozda xonandaga takror murojaat qilgandan soʻng, bu orada boshqa tomoshabinlar baland ovozda xonandaga murojaat qilayotgan tomoshabinlarga eʼtiroz bildirishni boshlashgan, xonanda tomoshabinlar oʻrtasida janjal chiqmasligi uchun kuylashni toʻxtatib, nima masala boʻlayotganligiga oydinlik kiritgan. (Yulduz Usmonova: konsertni atay buzish uchun, tomoshabinlarga halaqit berish maqsadida, “zakaznoy” yollangan “tomoshabin”lar deb oʻyladim) deydi.

Xonanda Y.Usmonova boshqa tomoshabinlarga halaqit berayotganlarga hissiyotga berilgan holda, qattiq gapirganligini, u oʻsha paytdagi asl vaziyatni notoʻgʻri tushunganligini, muxlislarini juda yaxshi koʻrishini, tomoshabinlarning isteʼmolchi sifatidagi huquqlarini hurmat qilishini, uning aytgan soʻzlari muxlislariga tegishli emasligini, oʻsha kundagi tushunmovchilik uchun uzr soʻrashini taʼkidlab oʻtgan.

Konsert tashkilotchisi hisoblangan “MEDIA MY GRAND” MCHJ rahbariyati “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasi (Isteʼmolchilarning asosiy huquqlari) hamda 19-moddasi (Ishni bajarish, xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma shartlari buzilgan taqdirda isteʼmolchining huquqlari) talablari mazmuni bilan tanishtirilib, konsert dasturida tomoshabinlarning isteʼmolchi sifatidagi huquqlarini taʼminlash borasida tushuntirishlar berildi.

“MEDIA MY GRAND” MCHJ rahbariyati konsert dasturida tomoshabinlarning isteʼmolchi sifatidagi huquqlari toʻliq taʼminlanishini kafolatlab, noqulay ob-havo tufayli “Qamchiq” dovonining yopilganligi munosabati bilan, vodiy viloyatlaridan belgilangan kundagi konsert dasturida ishtirok eta olmagan tomoshabinlarga, kelib murojaat qilgan kundagi seansga kirishini taʼminlanayotganligini maʼlum qildi.

Shuningdek, Federatsiya tomonidan xonanda Yulduz Usmonovaning soʻzlarida kasb etikasi va odob-ahloq qoidalariga rioya qilinmaganlik holati (litsenziya talablariga rioya qilish) yuzasidan tegishli soʻrov koʻrib chiqilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va “Oʻzbekkonsert” davlat muassasiga yuborildi.

 

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Matbuot xizmati


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00