Telegram-bot Virtual qabulxona

28.03.2022

Suv taʼminotidagi asossiz qarzdorliklarga sabab nimada?

  Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga oʻtgan 2021-yil davomida suv taʼminoti boʻyicha 546 ta murojaat kelib tushgan. Ularning asosiy qismi noreal qarzdorlikdan norzilik murojaatlaridir. 

Rishtonlik N.Mamatqulovning “Fargʻona suv taʼminoti” MCHJ Rishton tuman boʻlimi xodimlari tomonidan hisoblangan qarzdorlikdan norozi boʻlib, tuman Isteʼmolchilar huquqlarni himoya qilish jamiyatiga qilgan murojaati oʻz vaqtida koʻrib chiqildi.  Oʻrganish natijalari shuni koʻrsatdiki, isteʼmolchining norozi boʻlishiga jiddiy asoslar mavjud.

Maʼlum boʻlishicha isteʼmolchining ichimlik suvi uchun amalga oshirgan toʻlovlarini suv taʼminoti idorasi masʼul xodimlari ishtirokida qayta hisob-kitob qilish jarayonida, fuqaroda isteʼmol qilingan ichimlik suvi boʻyicha qarzdorlik emas, aksincha 347000 (uch yuz qirq yetti ming) soʻm miqdorida haqdorlik mavjudligi aniqlandi.

Ushbu jarayonda qarzdorlikni kelib chiqish sabablari ham ayon boʻldi. Bunga isteʼmolchi tomonidan ichimlik suvi uchun amalga oshirilgan toʻlovlar yillar davomida uning shaxsiy hisob raqamiga kelib tushmaganligi sabab boʻlgan. Hurmatli isteʼmolchi! Kommunal toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlar ekansiz, uni hisob raqamingizga tushirib borilishini nazorat qilishni ham unutmang! Shuning uchun ham bu tizimda elektron asosni yaratilishi juda muhim qadamlardan biri boʻldi deyish mumkin. Uchkoʻprik tumanidagi “Yangiyoʻl” MFY Yangiyoʻl qishlogʻida yashovchi bir guruh fuqarolar nomidan I.Mirzahmedov ham Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Uchkoʻprik tuman Xalq qabulxonasiga ichimlik suvidan asossiz hisoblangan qarzdorlik yuzasidan murojaat qilgan. Ushbu murojaat Uchkoʻprik tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan atroflicha oʻrganib chiqildi. 

Murojaatda aytilishicha, 2021-yilning aprel oyida ushbu qishloqda yashovchi 41 ta xonadonga “Oʻzsuvtaʼminot” AJ “Fargʻona suv taʼminoti” MCHJ Uchkoʻprik tuman boʻlimi tomonidan suv hisoblagichlar oʻrnatilgan va albatta suv hisoblagich oʻrnatilgungacha boʻlgan qarzdorliklari isteʼmolchilar tomonidan toʻliq hisob-kitob qilingan. Lekin suv hisoblagich oʻrnatilganligi va maʼlumotlar bazasiga kiritilganligi haqidagi hujjatlar isteʼmolchilarga salkam bir yil vaqt oʻtgunga qadar ham taqdim etilmagan hamda suv hisoblagichi yoʻqligi sababli oʻrta toʻlovda qarzdorlik hisoblangan. Murojaat Uchkoʻprik tumani jamiyati hamda soha mutaxassislari tomonidan oʻrganilganda, haqiqatan ham ushbu manzilda yashovchi 41 ta xonadonga suv hisoblagichlar oʻrnatilganligi, lekin oʻrnatilgan suv hisblagichlar “Oʻzsuvtaʼminot” AJ “Fargʻona suv taʼminoti” MCHJ Uchkoʻprik tuman boʻlimi bazasiga kiritilmaganligi va isteʼmolchilarga hujjatlar taqdim etmaganligi aniqlandi. Oʻrganishlar jarayonida ushbu isteʼmolchilarning xonadonlariga oʻrnatilgan suv hisoblagichlari bazaga kiritildi hamda ularning har biriga hisobga kiritilganligi haqidagi hujjatlar berildi. 9 nafar isteʼmolchilarning foydalanilgan ichimlik suvidan boʻlgan haqdorliklari ularning abonent raqamlariga oʻtkazildi va kelgusida ham foydalanilgan ichimlik suvi uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlab borishlari tushuntirildi.  Isteʼmolchiku oʻz vaqtida toʻlovlarni qilar, har holda suv, chiroq, gaz masalasiga xalqimiz muhim masala deb qarashadi. Biroq oʻz vaqtida toʻlovlarni amalga oshirsa-da, iste’molchi “qarzdor” degan nomga qolsa dodini kimga aytishi kerak?! Bunday masalalarga jiddiy qarash vaqti keldi.


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00