25.04.2022
Bulungʻur tumani Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ariza bilan murojaat qilgan G. D xonadonidagi gaz hisoblagichni 2022-yil 15-fevral kuni tuman gaz boʻlimi xodimlari kelib, sizning gaz hisoblagichingiz eski, sizga yangisini almashtirib beramiz va eski gaz hisoblagichingizdagi hisob raqami yangisiga oʻtadi deyishgan. Gaz hisoblagich oʻrnatilgach, oradan bir kun oʻtib fuqaro G. D ning qoʻl telefoniga sizning gaz hisob raqamingizda 589 833 soʻm qarzdorlik mavjud, ushbu qarzdorlikni toʻlamasangiz gaz hisoblagichingiz qulflanadi degan maʼnoda sms keladi. Isteʼmolchi bu holatdan hayron jamiyatga murojaat qilgan. Murojaat oʻz vatida oʻrganildi va ijobiy yechim topdi. Isteʼmolchining qarzdorligi mavjud emasligi aniqlandi.
Nosoz konditsioner yangisiga almashtirildi
Samarqand viloyati, Pastdargʻom tumani “Kichik Naymancha” MFY da yashavchi M. Xazratovа 2022- yil 4 -mart kuni Samarqand viloyati hokimining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga ariza qoldirgan.
Unga koʻra isteʼmolchi bir yil oldin Pastdargʻom buyum bozorida joylashgan “Savdo Servis” doʻkonidan 3 yil kafolati bilan 5 million soʻmga konditsioner xarid qilgan. Ushbu konditsioner ishlash davomida shovqinli ovoz chiqarib ishlagani uchun fuqaro ishlab chiqaruvchi korxonaning servis xizmatiga murojaat qilgan. Ular maʼlum bir ehtiyoj qismini almashtirib ketishgan. Biroq shundan soʻng ham oʻzgarish boʻlmaganidan norozi boʻlib ushbu muammoni yechimi yuzasidan amaliy yordam soʻragan. Ushbu murojaat Pastdargʻom tuman Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan vakolat doirasida oʻrganilib ikkala tomon (sotuvchi va isteʼmolchi) ga kerakli tushunchalar berilib, fuqaro bir yil oldin xarid qilgan havo sovutgichi yangisiga almashtirib berildi.
“Yangi tish” mojorosi...
Samarqand viloyati, Jomboy tuman “A. Navoiy” MFY da yashovchi fuqaro B. Samaqulova 2022- yil 28- mart kuni Jomboy tumani “Beruniy” koʻchasida joylashgan “Sadaf” stomatolgiya poliklinikasi tish shifokori T .Q bilan ikki million soʻmlik yumshoq protezli tish qoʻydirishga kelishib, toʻlovni amalga oshirgan. Shifokor esa kelishilgan yumshoq protezli tish emas aksincha qattiq protezli tish qoʻyib bergan. Mazkur holatdan fuqaro norozi boʻlsada uning talabi qondirilmagan. Holat yuzasidan Jomboy tumani Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tegishli tartibda vakolat doirasida koʻrib chiqdi. Har ikki tomonga ham kerakli tushuntirish ishlari olib borildi va natijada isteʼmolchiga yumshoq protezli tish oʻrniga qattiq protezli tish qoʻygani uchun ikkala mahsulotning narxi boʻyicha tafovut farqiga aniqlik kiritilib, isteʼmolchiga 1 million soʻm mablagʻ qaytarib olib berildi.
Dehqonni qiynagan muammo
Har qanday oʻsimlikning yaxshi unishi uning urugʻligiga bogʻliq. Beda urugʻini yaxshisi ekilmasa biz kutgan natijaga erishmaymiz yaʼni yaxshi hosil ololmaymiz. Shuning uchun bozorlarda ishonchli urugʻ sotadigan tadbirkorlardan urugʻlik olinishi kerak. Bulungʻur tuman “Dehqon bozori” MCHJning hududida tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan sotuvchidan, Bulungʻur tumani “Kaftarxona” MFYda yashovchi fuqaro A.J ismli dehqon 2021-yil oktyabr oyi oxirida 40 kg beda urugʻini 30 000 soʻmdan 1 200 000 soʻmga xarid qiladi. Urugʻni olib borib fuqaro A.J dalaga ekib sugʻoradi. Ekilgan joyga yaxshilab mehr beradi. Ammo kutilgan natijaga erishmaydi, buning sababini izlagan dehqon beda urugʻi toza emasligini bilib qoladi. Shundan soʻng 2022-yil 7-aprel kuni fuqaro A.J Bulungʻur tumani Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma ariza bilan murojaat qiladi. Jamiyat xodimlari tomonidan ushbu murojaat yuzasidan sotuvchi bilan oʻrganish davomida haqiqatdan ham beda urugʻi toza emas, har xil urugʻlarni beda urugʻi deb aldab sotganligi aniqlandi. Shundan soʻng tadbirkorga qonuniy tushuntirish ishlari olib borildi. Tadbirkor 45 000 soʻmdan sotayotgan toza beda urugʻidan 20 kg isteʼmolchi A.J ga ekish uchun berdi. Bizga kichikdek koʻringan muammolar kimlarnidir qiynayotgan katta tashvish boʻlishi mumkin. Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi xodimlari har bir murojaatchini arizasini eʼtibordan chetda qoldirmay oʻrganib kelmoqda. Buning natijasida isteʼmolchilar oʻzlarini qiynagan muammolarga yechim topmoqda.