
28.04.2022
Konstitutsiyamizning 41-moddasida “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir” deyilgan. Maktab yoshiga yetgan bolakay borki, taʼlim olishni istaydi. Ota-onalar ham oʻz farzandlarining bilim olishi, oʻqishda oʻz tengdoshlari bilan teng rivojlanishining tarafdori. Buning uchun bor kuchini, mablagʻini ayamaydi. Ammo imkoniyati cheklangan oʻquvchilar ham borki, ular oʻz tengdoshlari kabi maktabga har kuni qatnab taʼlim olish imkoniga ega emas.
Kuzatuvlar shuni koʻrsatmoqdaki, bugun imkoniyati cheklangan oʻquvchilarga oʻz uyida taʼlim olishi uchun sharoit yaratish va ularga oʻz vaqtida taʼlim-tarbiya berishda qator kamchiliklar mavjud. Shu bois ham oʻqitish tizimining bir qismi boʻlgan inklyuziv taʼlimiga eʼtibor qaratish doim dolzarb vazifalardan boʻlgan. Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan yurtimizda inklyuziv taʼlimni rivojlantirish, alohida taʼlim ehtiyoji boʻlgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish tizimini takomillashtirish hamda ularga koʻrsatiladigan taʼlim xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida jamoatchilik nazorati tartibida ishchi guruh tuzildi. Samarqand viloyatidagi ishchi guruh monitoring va kuzatuv olib bordi. Oʻrganishlar davomida Bulungʻur tumani “Chorbogʻ” MFYda yashovchi Nafisa Olmosova oʻgʻli L.B. ning taʼlim jarayonida baʼzi kamchiliklar mavjudligini aytgan. Oʻrganishlarga koʻra, rus tili oʻqituvchisi oxirgi marta shu yil 2-aprelda dars oʻtgan, qolgan oʻqituvchilar umuman kelmay baho qoʻygan. Maktab maʼmuriyati hamda sinf rahbari ham umuman kelmagan, ota-onasi telefon orqali chaqirsa ham oʻqituvchilar har xil bahonalar qilib kelishni paysalga solgan.
Bulungʻur tumani “Sayiltepa” MFYda yashovchi Sohiba Azamqulovaning qizi Z.Sh. 2-maktabning 1-sinfida taʼlim olyapti. U chap soni qoldiqli yarim chiqishi, tugʻma orqa miya churrasi kasalliklariga chalingan. Qizaloqning taʼlim olish jarayonini oʻrganish davomida baʼzi kamchiliklar aniqlandi. Boshlangʻich sinf oʻqituvchisi oxirgi marta shu yil 15-aprel kuni dars oʻtgan. Shundan keyin qaytib kelmagan. Mazkur MFYning Tepa qishlogʻida yashovchi Zamira Azzamqulovaning Hasan-Husan farzandlariga gemofiliya tashxisi qoʻyilgan. Ular 2-maktabning 11-sinfida taʼlim olmoqda. Ularning taʼlim jarayonida ham kamchiliklar yaqqol koʻzga tashlandi. Jumladan, maktab tomonidan doska berilmagan, dars jadvali tuzilgan boʻlsa-da, faqat kimyo fani oʻqituvchisi kelgan. Boshqa oʻqituvchilar umuman kelmagan. Algebra, geometriya kabi muhim fanlardan darslar umuman oʻtilmagan.
Kattaqoʻrgʻon tumani “Yodgorxoʻja” MFY Qiyot qishlogʻida yashovchi M.Z. 5-maktabning 1-sinf oʻquvchisi. Unga aqliy rivojlanishdan orqada qolganlik tashxis qoʻyilgan. Oʻquvchi darslik, oʻquv qurollari, doska, stol-stul bilan taʼminlanmagan. Maktab mamuriyati befarqligi tufayli oʻquvchi shu kunga qadar toʻliq talim olmagan. Onasining aytishicha, farzandi savodsiz boʻlib qolmasin deb oʻz hisobidan oʻquv qurollari xarid qilib, oyiga 300 000 soʻmdan pul toʻlab ikki oy oʻqituvchi yollab qizini oʻqitgan. Keyinchalik taʼlimni davom ettirishga moddiy sharoiti toʻgʻri kelmagani sababli oila 5-maktabga murojaat qilgan.
Bu qizni oʻqitish mumkin emasligi boʻyicha tuman XTBdan topshiriq berilgani aytilgan. Keyinchalik qizning ota-onasi tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilib hujjatlarni rasmiylashtirgandan soʻng 5-maktabdan oʻqituvchi biriktirilgan. U dars bera boshlagan, lekin oxirgi marta shu yil yanvar oyida bir kelib, qayta kelmaganini qizchaning onasi qimtinib, ogʻrinib aytdi. Nurobod tumani xalq taʼlim boʻlimiga qarashli 77-maktabning 8-sinf oʻquvchisi M.O. aqliy zaiflik, nutq rivojlanishidan orqada qolish bilan kasallangan. Opasi bilan suhbatlashilganda 77-maktab maʼmuriyati tomonidan oʻqituvchi biriktirilmagani, bir necha oylardan buyon biror-bir oʻqituvchi xabar olmaganini aytdi.Samarqand shahri “Zarafshon” MFYda yashovchi X.B. 78-maktabning 4-sinfida taʼlim oladi. Unga suyak yemirilishining oʻta ogʻir darajasi tashxisi qoʻyilgan. Bu oʻquvchining ham uyda taʼlim olishida qator kamchiliklar mavjudligi aniqlandi. Jumladan, dars jadvali yoʻq, darslar vaqtida oʻtilmaydi. Psixolog umuman kelmagan. Maktab maʼmuriyati oʻquvchi holidan xabar olmagan. Darsliklar berilmagan. Bilim olishga chanqoq, orzulari osmon, ammo imkoniyati cheklangan bu bolalar ham boshqa tengdoshlari singari taʼlim olishga haqli. Biz yuqorida keltirganlarimiz kabi inklyuziv taʼlimda kamchiliklar uchrab turibdi. Bunga esa koʻz yumib boʻlmaydi.